
OnePlus kompaniyasi Xitoy bozorida yangi OnePlus Pad 3 Pro planshetini rasman taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Yangi model 13,2 dyuymli LCD displey bilan jihozlangan bo‘lib, ekran 3392×2400 piksel aniqlik, 7:5 tomonlar nisbati, 144 Gts yangilanish chastotasi va 540 Gts sensorli javob tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Displeyning maksimal yorqinligi 1000 nitni tashkil etadi. Shuningdek, u Dolby Vision va HDR Vivid texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
OnePlus Pad 3 Pro stilus bilan ishlash imkoniyatiga ega. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt funksiyalari foydalanuvchilarning qo‘lda yozilgan qaydlarini jadval va intellektual xaritalarga aylantira oladi. Qurilma uchun alohida klaviaturali g‘ilof ham taklif etiladi. Multimedia imkoniyatlari uchun planshet sakkizta karnay bilan jihozlangan.


Qurilma 13 380 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan va 67 Vt quvvatdagi SuperVOOC tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, planshet bir marta quvvatlanganda 25 tagacha serial qismini tomosha qilish imkonini beradi.
OnePlus Pad 3 Pro Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessorida ishlaydi. Kompaniya ushbu chip avvalgi avloddagi Snapdragon 8 Elite protsessoriga ega OnePlus Pad 2 Pro va global OnePlus Pad 3 modellari bilan solishtirganda AnTuTu sinovida 52 foiz yuqori natija ko‘rsatishini ma’lum qildi. Yangi protsessorda markaziy protsessor unumdorligi 20 foizga, grafik protsessor tezligi esa 23 foizga oshirilgani ta’kidlanmoqda.

Planshet to‘q jigarrang va och yashil ranglarda taqdim etildi. U 12/256 GB, 12/512 GB va 16/512 GB xotira variantlarida sotuvga chiqariladi. Ularning narxi mos ravishda $650, $724 va $798 ni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lenovo ThinkTab X11 va Idea Tab Pro Gen 2 planshetlarini taqdim etgani haqida yozgan edik.