«Sevgi uchun stavka» 2-mavsum, 6-son: Maryam va Arno uchun kutilmagan xavf yuzaga keldi

19-iyun 2026 20:06 eʼlon qilindi

Muhammad Abdullayev

Muhammad Abdullayev

«Sevgi uchun stavka» 2-mavsum, 6-son / Foto: «Sevgi uchun stavka»

«Sevgi uchun stavka» shousining ikkinchi mavsumi oltinchi sonida Maryam Tillayeva va Arno Kosyan kutilmaganda loyihani tark etish xavfi ostida qoldi. Ishtirokchilar oldindan ushbu juftlikka qarshi ovoz berishga kelishib olmagan bo‘lsa-da, yakunda ovozlarning aksariyati aynan ularga berildi.

Shuningdek, loyihaga blogerlar Lesha Yanger va Tatyana Avdeyeva qo‘shildi. Boshqa juftliklar yangi ishtirokchilarni vazmin kutib olgan bo‘lsa, Maryam Tatyana bilan darhol yaqin aloqa o‘rnatishga harakat qildi.

Lesha va Tatyana to‘rt yildan beri birga yashab keladi, ularning turmush qurganiga esa bir yil bo‘lgan. Juftlik uch oylik farzandni tarbiyalamoqda.

Loyihada, shuningdek, Anna Xilkevich va Artur Martirosyan, Yevgeniy Yershov va Anna Prolygina, shuningdek, Irakliy Pirtsxalava va Yelena Grebenshikova juftliklari ham qatnashishda davom etayotir.

Ishtirokchilar mixli taxtalar yordamida mukofot jamg‘armasini oshirdi

Ushbu sonning boshida har bir juftlikka tikish uchun 70 ming rubl ($956) ajratildi. Qo‘shimcha sinovda ishtirok etish orqali bu mablag‘ni ko‘paytirish imkoniyati berildi.

Buning uchun juftliklar ikki kishi bo‘lib mixli taxtalar ustida turishi va har bir bardosh berilgan daqiqa uchun 10 ming rubl ($136)dan olishi kerak edi.

Barcha juftliklar sinovda qatnashishga rozi bo‘ldi. Birinchi bo‘lib taxtadan Yevgeniy Yershov va Anna Prolygina tushdi. Anna o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qota boshlagani sababli ular sinovni davom ettira olmadi.

Shundan so‘ng Prolygina boshqalarga qaraganda kamroq mablag‘ ishlab topganidan yig‘lab yubordi. Yershov esa uni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga yo‘l qo‘yilgan xatolarni eslatib, ular o‘rtasidagi taranglikni yanada kuchaytirdi.

Lesha Yanger og‘riqni suhbat bilan yengishga harakat qilgan bo‘lsa, aksincha, Irakliy Pirtsxalavani suhbatlar chalg‘itib, diqqatini jamlashiga xalaqit berdi.

Qolgan juftliklar mixli taxtada 15 daqiqadan turib, 150 ming rubl ($2050)dan ishlab topdi. Yevgeniy va Anna jamg‘armasi boshqalarnikidan kamroq bo‘ldi va asosiy sinov oldidan ular yana tortishib qoldi.

Qizlar erkaklar ishtirok etgan sinov uchun stavka qildi

Stavka stolida ishtirokchi qizlar boshlovchi Vlad Topalovga qo‘shimcha sinov qanday o‘tganini aytib berdi. Javoban Topalov rafiqasi Regina Todorenko bilan munosabatlari haqida fikr bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular atrofdagilar munosabatlarini har doim ham tushunmasa-da, bir-birlari uchun harakat qilishga tayyor bo‘lgani sababli birga qolmoqda.

Shundan so‘ng Topalov asosiy sinov shartlarini e’lon qildi. Erkaklar baggi avtomobillarida to‘siqlar yo‘lagidan o‘tib, eng yaxshi natijani ko‘rsatishi kerak edi.

Birinchi stavka birinchi o‘ringa, ikkinchi stavka ikkinchi yoki uchinchi o‘ringa, uchinchi stavka esa to‘rtinchi yoki beshinchi o‘ringa mos keldi.

An’anaga ko‘ra, yangi juftlik istalgan stavka bo‘yicha yutuqni ikki barobarga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tatyana Avdeyeva Lesha Yangerning ikkinchi yoki uchinchi o‘rinni egallashiga 100 ming rubl ($1366) tikdi.

Anna Xilkevich ham Artur Martirosyan uchun ikkinchi tikishni tanlab, 110 ming rubl ($1503) qo‘ydi. Anna Prolygina qolgan 70 ming rubl ($956)ni tavakkal qilib, Yevgeniy Yershovning g‘alabasiga tikdi.

Maryam Tillayeva Arno Kosyanning to‘rtinchi yoki beshinchi o‘rinni egallashiga 120 ming rubl tikkan bo‘lsa, Yelena Grebenshikova ham xuddi shuncha mablag‘ni Irakliy Pirtsxalavaning so‘nggi ikki o‘rindan birini egallashiga qo‘ydi.

Sinov boshlanishidan avval Vlad Topalov qizlarga konvertlar tarqatib, tanlangan tikishlarni yozma ravishda tasdiqlashni so‘radi.

Erkaklar baggi avtomobillarida to‘siqlar yo‘lagidan o‘tdi

Erkaklar o‘rtasidagi sinovda ishtirokchilar baggi avtomobillarida yo‘lsiz hudud bo‘ylab harakatlanib, maxsus pochta qutilarini topishi, ulardan kalitlar va yo‘riqnomalarni olishi hamda marraga yetib borishi kerak edi.

Birinchi bo‘lib Artur Martirosyan startga chiqdi. U uchinchi pochta qutisigacha masofani ishonch bilan bosib o‘tdi, biroq marraga yaqinlashganda burilishni o‘tkazib yubordi. Artur xatosini tezda to‘g‘rilab, sinovni muvaffaqiyatli yakunladi. Yakuniy konvertda uni boshqa ishtirokchi qizlarning tikishlari haqidagi ma’lumot kutib turardi.

Keyingi ishtirokchi Yevgeniy Yershov bo‘ldi. U masofani shoshilinch tarzda bosib o‘tganiga qaramay, barcha bosqichlarni jiddiy xatolarsiz yakunladi. Anna Prolygina unga yo‘llagan maktubida sevishini yozib qoldirgan.

Lesha Yanger sinovni raqobatdan ko‘ra sarguzasht sifatida qabul qildi. U eng yaxshi natijani qayd etishga urinmasdan, masofani zavq bilan bosib o‘tdi. Yakuniy konvertda Tatyana Avdeyeva uning uchun sevgi izhorini qoldirgan edi.

Irakliy Pirtsxalava esa sinovni biroz hayajon bilan boshladi. U bir necha bor yo‘nalishni adashtirib, ayrim pochta qutilarini o‘tkazib yubordi. Bu esa uning asabiylashuviga sabab bo‘ldi. Yelena Grebenshikova maktubida Irakliyni juda yaxshi bilishini ta’kidlagan.

Sinovni so‘nggi bo‘lib Arno Kosyan yakunladi. U yo‘nalish bo‘ylab diqqat bilan harakatlanib, topshiriqlarni ishonchli tarzda bajardi. Maryam Tillayeva esa unga qoldirgan xatida Arnoning to‘rtinchi yoki beshinchi o‘rinni egallashiga tikkanini ochiq yozgan.

Qaysi stavkalar yutdi?

Asosiy sinov yakunlariga ko‘ra, faqat Yelena Grebenshikovaning stavkasi muvaffaqiyatli chiqdi. U Irakliy Pirtsxalavaning so‘nggi o‘rinlardan birini egallashini taxmin qilgan va bu prognoz o‘z tasdig‘ini topdi.

Tatyana Avdeyeva, Maryam Tillayeva, Anna Prolygina va Anna Xilkevichning stavkalari esa amalga oshmadi. Shu tariqa yangi ishtirokchilar – Lesha Yanger va Tatyana Avdeyeva juftligi ham yutuqni ikki barobarga oshirish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Tatyana Avdeyeva Yershov koalitsiyasiga qo‘shildi

Erkaklar sinovidan so‘ng Lesha Yanger va Tatyana Avdeyeva o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Tatyana turmush o‘rtog‘ining imkoniyatlarini yuqori baholagani va undan yaxshiroq natija kutganini tan oldi.

Keyinchalik u Yevgeniy Yershov bilan suhbatlashib, uning Irakliy Pirtsxalava bilan tuzgan koalitsiyasiga qo‘shildi. Shu tariqa, yangi ishtirokchilar loyihadagi strategik kurashga tezda kirishdi.

Ertasi kuni Tatyana barcha ishtirokchilar uchun nonushta tayyorlashga qaror qildi. Boshqa juftliklar bu tashabbusni iliq kutib oldi, chunki ungacha hech kim bunday tashabbus ko‘rsatmagan edi.

Ishtirokchilar qo‘shimcha vazifada mablag‘ ishlab topdi

Avvalgi tikishlarda yutuqqa erisha olmagan juftliklar uchun qo‘shimcha sinov tashkil etildi. Unda Lesha Yanger, Artur Martirosyan, Arno Kosyan va Yevgeniy Yershov qatnashdi.

Topshiriqqa ko‘ra, ishtirokchilar oltita mixni yettinchi mixning bosh qismiga shunday joylashtirishi kerak ediki, hosil bo‘lgan konstruksiya muvozanatni saqlab qolsin.

Vazifani birinchi bo‘lib Lesha Yanger muvaffaqiyatli bajardi. Natijada u o‘z juftligi uchun tikishlar uchun qo‘shimcha 50 ming rubl ($683) ishlab topdi.

Erkaklar ayollar sinovi uchun stavka qildi

Navbatdagi sinovda ayol ishtirokchilar muvozanatni saqlash bo‘yicha bellashdi. Birinchi stavka birinchi yoki ikkinchi o‘ringa, ikkinchi stavka uchinchi o‘ringa, uchinchi stavka esa to‘rtinchi o‘ringa mos keldi.

Lesha Yanger Tatyana Avdeyevaning birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallashiga 170 ming rubl (2323) stavka qildi. Artur Martirosyan ham Anna Xilkevich uchun xuddi shu natijani tanlab, 110 ming rubl ($1503) stavka qo‘ydi.

Irakliy Pirtsxalava Yelena Grebenshikovaning to‘rtinchi o‘rinni egallashiga 100 ming rubl ($1366) stavka qilgan bo‘lsa, Arno Kosyan Maram Tillayevaning to‘rtinchi bo‘lishini taxmin qilib, 100 ming rubl ($1366) stavka qildi.

Yevgeniy Yershov esa Anna Prolyginaning birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallashiga 80 ming rubl ($1093) stavka qo‘ydi.

Anna Prolygina muvozanat sinovida g‘olib bo‘ldi

Ayollar sinovida ishtirokchilar tebranib turuvchi platforma ustida imkon qadar uzoqroq turishi va stol tennisi to‘pchasini tushirib yubormasligi kerak edi.

Sinov boshida Maryam Tillayeva va Yelena Grebenshikova to‘pchani ushlab qola olmadi va musobaqani birinchilar qatorida tark etdi. Anna Prolygina ham to‘pchasini tushirib yuborishiga oz qoldi, biroq u muvozanatini tiklab, bellashuvni davom ettirdi.

Bir muddatdan so‘ng Tatyana Avdeyevaning to‘pchasi platforma bo‘ylab har tomonga harakatlana boshladi va u sinovni yakunlay olmadi. Shundan keyin qolgan ishtirokchilar uchun vazifa murakkablashtirilib, ikkinchi to‘pcha qo‘shildi.

Anna Xilkevich ikkala to‘pchani birdek nazorat qila olmadi. Natijada platformada eng uzoq qolgan Anna Prolygina sinov g‘olibasiga aylandi.

Qaysi stavkalar yutqazdi?

Natijalarga ko‘ra, Irakliy Pirtsxalavaning Yelena Grebenshikovaning to‘rtinchi o‘rinni egallashiga qilgan stavkasi o‘ynamadi.

Arno Kosyan Maryam Tillayevaning to‘rtinchi bo‘lishini to‘g‘ri taxmin qildi. Shuningdek, Artur Martirosyan Anna Xilkevichning natijasini, Yevgeniy Yershov esa Anna Prolyginaning g‘alabasini aniq topdi. Ularning stavkalari juftliklariga qo‘shimcha yutuq olib keldi.

Lesha Yangerning Tatyana Avdeyevaning birinchi yoki ikkinchi o‘rinni egallashiga qilgan stavkasi esa muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Bosqich yakunlariga ko‘ra, Irakliy Pirtsxalava va Yelena Grebenshikova immunitetga ega bo‘ldi. Shu tariqa, ular nomzodlar qatoriga tushmadi va keyingi sonada ishtirok etishni kafolatladi.

Ovoz berish natijasida loyihani tark etish uchun nomzodlar aniqlandi

Sinovlardan so‘ng villadagi vaziyat yanada keskinlashdi. Lesha Yanger va Tatyana Avdeyeva muvaffaqiyatsiz yakunlangan stavka sabab yana tortishib qoldi. Shu bilan birga, Maryam Tillayeva va Anna Prolygina ishtirokchilar kimni hal qiluvchi sinovga yuborishini muhokama qildi.

Maryamning fikricha, nomzodlar qatoridan Anna Xilkevich va Artur Martirosyan joy olishi kerak edi. Biroq umumiy muhokama chog‘ida Xilkevich tasodifan ishtirokchilarning bo‘lajak tanlov haqidagi suhbatini eshitib qoldi.

Irakliy Pirtsxalava loyihani tark etish sinovida hali biror marta ishtirok etmagan juftliklarga qarshi ovoz berishni taklif qildi. Ammo boshqa ishtirokchilar bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamadi.

Ovoz berish marosimida asosiy ovozlar Maryam Tillayeva va Arno Kosyan, shuningdek, Anna Xilkevich va Artur Martirosyan juftliklari o‘rtasida taqsimlandi. O‘tgan sonda loyihani tark etgan Yuliana Buxolts va Dima Shchebet esa Yevgeniy Yershov va Anna Prolygina hamda Irakliy Pirtsxalava va Yelena Grebenshikova juftliklariga qarshi ovoz berdi.

Yakunda loyihani tark etish sinoviga Maryam Tillayeva va Arno Kosyan, shuningdek, yangi ishtirokchilar Tatyana Avdeyeva va Lesha Yanger yo‘llanma oldi.

Mariam sinov oldidan boykot e’lon qildi

Ovoz berish natijalaridan so‘ng Maryam Tillayeva bir nechta ishtirokchi uning juftligiga qarshi ovoz berganini og‘ir qabul qildi. U loyihani tark etish sinovi yakuniga qadar hech kim bilan gaplashmaslikka qaror qilib, sukut boykotini e’lon qildi.

Ertasi kuni Maryamning kayfiyati hanuz tushkun bo‘lsa-da, u loyihadagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashishga tayyor ekanini bildirdi.

Yevgeniy Yershov esa ittifoqchi sifatida Lesha Yanger va Tatyana Avdeyevaga yaqinroq ekanini tan oldi. Uning fikricha, Maryamning xatti-harakatlari haddan tashqari o‘zgaruvchan.

Anna Xilkevich munosabatlarni yaxshilashga urinib, Maryamga maktub yozdi. Unda u sukut saqlash ularning do‘stligini tiklashga yordam bermasligini ta’kidladi.

Mariam xatni hal qiluvchi sinov boshlanishidan oldin oldi. Biroq maktub uni tinchlantirish o‘rniga, hissiy zo‘riqishini yanada kuchaytirdi.

Loyihani tark etish sinovi: Bali basketboli

Hal qiluvchi sinovda juftliklar Bali basketboli o‘yinida kuch sinashdi. Qoidalarga ko‘ra, ishtirokchilar bir-biriga bog‘langan holda harakatlanishi va raqiblaridan oldin minoraga o‘rnatilgan savatga ikkita to‘pni tushirishi kerak edi.

Birinchi to‘pni Maryam Tillayeva va Arno Kosyan savatga tushirdi. Shundan so‘ng har ikki juftlik uzoq vaqt davomida aniq zarba bera olmadi. Biroq Maryam va Arno ikkinchi to‘pni ham savatga tushirib, birinchi raundda g‘alaba qozondi.

Ikkinchi raundda ham ular ustunlikni tezda qo‘lga oldi. Maryam Tillayeva va Arno Kosyan yana birinchi bo‘lib ikkita to‘pni savatga tushirib, yakuniy g‘alabani qo‘lga kiritdi.

«Sevgi uchun stavka» shousining 6-sonini kim tark etdi?

Loyihani tark etish sinovi natijalariga ko‘ra, Maryam Tillayeva va Arno Kosyan shoudagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi. Ular har ikki raundda ham g‘alaba qozonib, o‘z o‘rnini saqlab qoldi.

Lesha Yanger va Tatyana Avdeyeva esa hal qiluvchi sinovda mag‘lub bo‘lib, loyihaga qo‘shilganidan atigi bir son o‘tib, «Sevgi uchun stavka» shousini tark etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Sevgi uchun stavka» 2-mavsum 4-soni haqida yozgan edik.

Shuningdek