Toshkent va Bag‘dod o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

O‘zbekiston va Iroq o‘rtasida aviaqatnovlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
18-iyun kuni TXIF-2026 doirasida Turizm qo‘mitasi rahbari Abdulaziz Aqqulov Iroq Iqtisodiy kengashi vakili Xayder Ali Xadi bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralarda turizm sohasini rivojlantirish, investitsiya hamkorligini kengaytirish hamda o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tomonlar so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida sayohatga qiziqish ortib borayotganini ta’kidlab, bu yo‘nalishda hali katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etishdi. Shu asosda turistik almashinuvni kuchaytirish, reklama va targ‘ibot tadbirlarini birgalikda tashkil etish bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi.
Asosiy takliflardan biri sifatida Bag‘dod va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasi ilgari surildi. Ushbu yo‘nalishning ochilishi nafaqat turizm, balki biznes va investitsiya aloqalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar turizm sohasi vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, shuningdek qo‘shimcha biznes missiyalari va B2B uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib oldilar.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Iroq qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzgani haqida yozgandi.