
«Yura davri dunyosi: hukmronlik» (Jurassic World Dominion) filmi rasman kino tarixidagi eng qimmat kartinaga aylandi. Buyuk Britaniyada e’lon qilingan moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, filmni suratga olish uchun $658,8 million sarflangan, deb yozdi Fortune nashri.
Shu tariqa loyiha avvalgi rekordchi – Star Wars: The Force Awakens filmini ortda qoldirdi. Mazkur filmning ishlab chiqarish xarajatlari $638,9 millionni tashkil etgan edi.

Rekord darajadagi xarajatlarning asosiy sababi COVID-19 pandemiyasi bo‘lgan. Suratga olish ishlari 2020-yilda olib borilgan va kinostudiya qat’iy sanitariya talablari, karantin cheklovlari hamda bir necha bor to‘xtatilgan ishlab chiqarish jarayonlari tufayli katta qo‘shimcha xarajatlarga duch kelgan.
Bundan tashqari, film aktyorlari qariyb besh oy davomida Buyuk Britaniyadagi hashamatli mehmonxonada yashagan. Xonalar narxi bir kecha uchun $600 dan yuqori bo‘lgani ham umumiy budjetning keskin oshishiga ta’sir ko‘rsatgan.
Shunga qaramay, loyiha Buyuk Britaniyaning kino sanoatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida $127,8 million miqdorida kompensatsiya olgan. Natijada studiyaning sof xarajatlari $531 milliongacha kamaygan.
Film tanqidchilardan unchalik yuqori baho olmagan – Rotten Tomatoes platformasida uning reytingi atigi 28 foizni tashkil etadi. Biroq bu kassadagi muvaffaqiyatga xalal bermagan. Kartina jahon prokatida qariyb $1 milliard yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
Hozirda studiya franshizaning navbatdagi qismi ustida ham ishlamoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi film suratga olish ishlari ham Buyuk Britaniyada amalga oshirilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Dacha» filmi qanday suratga olingani haqida yozgandi.