JCh-2026: Yaponiya Tunisga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi

21-iyun 2026 10:56 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
JCh-2026: Yaponiya Tunisga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozondi
Foto: Getty Images

Yaponiya terma jamoasi JCh-2026 guruh bosqichida Tunisga qarshi o‘yinda ishonchli ustunlik qildi. Meksikaning Monterrey shahridagi «BBVA» stadionida o‘tayotgan uchrashuv Jahon chempionatlari tarixidagi 1000-o‘yin sifatida qayd etildi.

Hisob 4-daqiqada ochildi — Keito Nakamuraning chap qanotdan uzatmasidan so‘ng Daichi Kamada to‘pni darvozaga yo‘lladi.

31-daqiqada Ayase Ueda yaponlarning ustunligini oshirdi. Tunis futbolchilari markazda to‘pni yo‘qotdi, Ueda esa jarima maydoni chizig‘i atrofidan aniq zarba yo‘llab, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Foto: Getty Images

Ikkinchi bo‘limda ham Yaponiya tashabbusni qo‘ldan bermadi. 69-daqiqada Junya Ito Ayase Uedaning uzatmasidan so‘ng uchinchi golni urdi va jamoasining yirik g‘alaba sari qadam tashlashiga sababchi bo‘ldi.

Tunis terma jamoasi o‘yinning katta qismida raqib bosimidan chiqishda qiynaldi. Jamoa birinchi bo‘limda darvoza tomon juda kam xavf tug‘dirdi, Yaponiya esa yuqori pressing va tezkor hujumlar orqali ustunlik qildi.

Foto: Getty Images

Tunis bosh murabbiyi Erve Renar ikkinchi bo‘lim boshida tarkibda o‘zgarishlar qildi. Muhammad Amin Ben Hamida va Ismoil G‘arbiy maydonga tushirildi. Keyinroq Firas Shavaat ham o‘yinga qo‘shildi. Yaponiya Tunis darvozasiga to‘rtinchi golni urdi. 84-daqiqada Ayase Ueda dubl qayd etib, hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi. Avvalgi o‘yinda Shvetsiyadan 5 ta gol o‘tkazgan Tunis bu safar ham yirik mag‘lub bo‘ldi.

«F» guruhida Niderlandiya, Yaponiya, Shvetsiya va Tunis terma jamoalari ishtirok etmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri Germaniya Kot-d’Ivuar bilan bahsda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketgani haqida yozgan edi.

Shuningdek