Shveysariya AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qiladi

eʼlon qilindi
Kelishuv AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda mavjud muammolarni muzokaralar orqali hal qilishni nazarda tutadi
Shveysariya AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qiladi
Foto: Anadolu

Shveysariya yaqin ikki kun ichida AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qilishi kutilmoqda. Bu haqda «Anadolu» agentligi Pokiston hukumatidagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar texnik darajada bo‘lib o‘tadi. Ularning Shveysariyada «1–2 kun ichida» boshlanishi kutilmoqda. Vositachilik jarayonidan xabardor manbaning aytishicha, Pokiston boshqa vositachilar bilan birga AQSh va Eron tomonlari bilan aloqalarni davom ettirmoqda. Tomonlar Shveysariyada uchrashib, «Islomobod kelishuvi»ning navbatdagi bosqichini boshlashi kutilmoqda.

Mazkur kelishuv AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda mavjud muammolarni muzokaralar orqali hal qilishni nazarda tutadi.

«Islomobod kelishuvi» deb nomlangan hujjat 18-iyun kuni kuchga kirgan. U Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan raqamli formatda imzolangan.

Kelishuvda harbiy harakatlarni to‘xtatish, jumladan Livandagi vaziyatni barqarorlashtirish, Hormuz bo‘g‘ozini ochish hamda AQSh tomonidan Eronga nisbatan joriy etilgan dengiz blokadasini bekor qilish kabi bandlar borligi aytilmoqda.

Shveysariya an’anaviy ravishda xalqaro diplomatik jarayonlarda neytral maydon sifatida qatnashib keladi. Shu sababli AQSh va Eron o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar ham aynan ushbu mamlakatda o‘tkazilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston AQSh va Eron kelishuvida Pokiston hamda Qatar rolini yuqori baholagani haqida yozgan edi.

Shuningdek