12 mln so‘m: O‘zbekistonda eski avtomobillar uchun ekoyig‘im joriy etilishi mumkin

22-iyun 2026 12:58 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
12 mln so‘m: O‘zbekistonda 30 yildan oshgan avtomobillar uchun ekoyig‘im joriy etilishi mumkin
Foto: Avtoe’lon/ Timur Yenikeyev

O‘zbekistonda eski avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimini joriy etish bo‘yicha yangi loyiha muhokamaga qo‘yildi. Milliy ekologiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan hujjat qabul qilinsa, 2027-yildan boshlab 30 yildan oshgan avtomobillar egalari har yili ekoyig‘im to‘lashi mumkin.

Loyihaga ko‘ra, bunday avtomobillar uchun yillik ekoyig‘im miqdori 30 BHM etib belgilanmoqda. Amaldagi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yiliga qariyb 12,4 mln so‘mni tashkil qiladi. Bu summa eski avtomobil egalari uchun sezilarli moliyaviy yuk bo‘lishi mumkin.

Biroq loyiha faqat ekoyig‘im bilan cheklanmasligi ehtimoli bor. Eski transport vositalaridan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar ham ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, ekologik sinfi past bo‘lgan avtomobillarni ekspluatatsiya qilish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi ham muhokama qilinmoqda.

Yangi tizim bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan. Dastlab u yengil avtomobillarga tatbiq etilishi mumkin. Keyingi bosqichlarda yuk mashinalari va avtobuslar ham qamrab olinadi. 2030-yilga borib esa tizim deyarli barcha g‘ildirakli transport vositalariga nisbatan qo‘llanishi mumkin.

Belgilangan talablarga mos kelmaydigan avtomobillar maxsus baholashdan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng egasiga transport vositasini utilizatsiya qilish evaziga pul kompensatsiyasi yoki yangi avtomobil xarid qilishda dastlabki to‘lov sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan maxsus vaucher taklif etilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq «Kursiv» eng kam xarajatli Chevrolet modellari haqida yozgan edi.

Shuningdek