Hindiston BAAga raketa va havo mudofaa qurollarini sotishi mumkin

Hindiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida BrahMos raketa majmuasi va Akashteer havo mudofaa tizimini sotish bo‘yicha dastlabki muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Hindistonning bir nechta manbalariga ko‘ra, BAA ayniqsa BrahMos supersonik qanotli raketasi va Akashteer avtomatlashtirilgan havo mudofaa tizimiga qiziqish bildirgan. Muzokaralar hali dastlabki bosqichda bo‘lsa-da, jarayon tez sur’atlarda davom etayotgani aytilmoqda.
BAA so‘nggi yillarda Yaqin Sharqdagi keskinliklar, jumladan mintaqadagi harbiy tahdidlar fonida o‘z mudofaa salohiyatini kuchaytirishga intilmoqda. Shu bilan birga, mamlakat strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytirishni ham maqsad qilgan.
Rossiya ruxsat bersa…
BrahMos raketasi Hindiston va Rossiya hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, uni sotishdan oldin Moskvaning ruxsati talab etiladi. Shu bilan birga, BAA allaqachon AQShning THAAD va Patriot kabi ilg‘or havo mudofaa tizimlariga ega.
Ma’lumot uchun, Akashteer tizimi turli sensor va platformalardan olingan ma’lumotlarni birlashtirib, havo tahdidlariga qarshi samarali himoya yaratishi mumkin.
Tahlilchilarning fikricha, Hindiston bilan mudofaa aloqalarini chuqurlashtirish BAAga turli yetkazib beruvchilarga tayangan holda strategik mustaqillikni oshirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Eron vakillari Shveysariyada yadro kelishuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazgani haqida yozgan edik.