
2026-yilgi Jahon chempionatining «H» guruhi 2-turida Urugvay terma jamoasi kutilmaganda Kabo-Verde bilan 2:2 hisobida jangovar durang qayd etdi. Ushbu natijadan so‘ng guruhda pley-offning ikkinchi yo‘llanmasi uchun kurash o‘ta keskin tus oldi.

O‘yin keskin kurashlar ostida boshlandi va bu hakamning qat’iy qarorlarida ham o‘z aksini topdi. Uchrashuvning 21-daqiqasida Kabo-Verde yarim himoyachisi Kevin Pina hisobni ochib, kutilmagan ssenariyga zamin yaratdi.
Bunga javoban urugvayliklar tanaffusga qadar nafaqat muvozanatni tiklashga, balki oldinga chiqib olishga ham muvaffaq bo‘lishdi. 44-daqiqada Maksimiliano Arauxo hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 45+6-daqiqada uning uzatmasidan so‘ng Agustin Kanobbio jamoasini oldinga olib chiqdi — 2:1.
Ikkinchi bo‘limda ham asabiy o‘yin davom etdi. 61-daqiqada Elio Varela o‘z goli bilan Kabo-Verdega muhim ochkoni keltirgan yakuniy hisobni o‘rnatdi: 2:2. Hakam ushbu jangovar uchrashuvda jami 4 ta sariq kartochka ko‘rsatdi.
«H» guruhida uchinchi va hal qiluvchi tur oldidan vaziyat juda chigal ko‘rinish olgan. Ayni paytda Urugvay va Kabo-Verde hisobida 2 tadan ochko mavjud. So‘nggi turda Urugvay guruh peshqadami va keyingi bosqich masalasini deyarli hal qilgan Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi. Kabo-Verde esa Saudiya Arabistoni bilan kuch sinashadi.
Avvalroq Kursiv nashri Eron 10 kishi bo‘lib qolgan Belgiyani taslim eta olmagani haida xabar bergan edi.