Metrodagi Uklon aksiyasi ruxsatsiz deb topildi, bannerlar olib tashlandi

Toshkent metropolitenida taksi xizmati Uklon va ko‘cha rassomi Inkuzart ishtirokida o‘tkazilgan reklama aksiyasi kutilmagan yakun topdi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.

Kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatiga uch yil to‘lishi munosabati bilan metroda joylashtirilgan reklama bannerlariga qo‘shimcha yozuv va tasvirlar tushirilgan, biroq bu tashabbus metropoliten ma’muriyati bilan oldindan kelishilmagani ma’lum bo‘ldi.
Voqeadan so‘ng metropoliten rahbariyati reklama materiallarini zudlik bilan demontaj qildi va holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida bannerlarga o‘zgartirish kiritgan shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llangan.
Aksiya doirasida reklama bannerlariga tug‘ilgan kun mavzusidagi tasvirlar, tabrik yozuvlari hamda ayrim matnlarga qo‘shimchalar kiritilgan. Shuningdek, barcha bannerlarda Inkuzart’ning o‘ziga xos belgisi hisoblangan kapalak tasviri ham aks etgan. Bu esa yo‘lovchilar orasida qiziqish uyg‘otib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, transport infratuzilmasidagi har qanday reklama yoki PR faoliyati avvaldan tegishli tartibda kelishilishi lozim. Ruxsatsiz ravishda reklama materiallariga o‘zgartirish kiritish amaldagi qoidalarga zid hisoblanadi.
Kampaniya ortidan Uklon vakillari ushbu g‘oya kompaniyaning marketing tashabbusi bo‘lganini tan oldi. Ularning ta’kidlashicha, loyiha kreativ reklama sifatida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, uni metro ma’muriyati bilan alohida kelishish zarurligi e’tibordan chetda qolgan.
Mazkur holat reklama va ko‘cha san’ati o‘rtasidagi chegaralar, shuningdek jamoat joylarida kreativ marketing aksiyalarini o‘tkazish qoidalari yuzasidan yana bir bor bahslarni yuzaga keltirdi. Ayrim foydalanuvchilar aksiyani noodatiy va qiziqarli reklama usuli sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar jamoat infratuzilmasidagi har qanday o‘zgartirishlar faqat rasmiy ruxsat asosida amalga oshirilishi kerakligini ta’kidladi.
Inkuzart esa so‘nggi yillarda Toshkentdagi eng taniqli ko‘cha rassomlaridan biri sifatida tanilgan. Uning ijtimoiy mavzular va dolzarb voqealarga bag‘ishlangan ishlari ko‘pincha jamoatchilik e’tiborini tortib keladi. Shu sababli metrodagi ushbu aksiya ham oddiy reklama emas, balki san’at va marketing uyg‘unlashgan loyiha sifatida ko‘rilmoqda. Biroq ruxsat masalasi tufayli tashabbus qisqa vaqt ichida yakunlandi va barcha bannerlar olib tashlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Chinor» metro bekati 50 kunga yopilishi haqida yozgandi.