O‘zbekistonda 464 ta «zapravka» faoliyati vaqtincha cheklandi

O‘zbekistonda yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish obyektlarida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar natijasida 464 ta shoxobcha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu Vazirlar Mahkamasining 22-iyundan kuchga kirgan qarorida belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 6 mingdan ortiq avtomobillarga yonilg‘i va gaz quyish shoxobchalari, shuningdek gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyalari hamda punktlarida xavfsizlik talablari bo‘yicha xatlov o‘tkazilgan.
Tekshiruvlar davomida jami 46 mingdan ortiq kamchilik va qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning asosiy qismi sanoat va texnika xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi hamda texnologik jarayonlarga rioya etilmagani bilan bog‘liq bo‘lgan.
Mutasaddilar tomonidan 7 mingdan ziyod kamchilik joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, xavfsizlik talablariga jiddiy javob bermagan 464 ta obyekt faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum bo‘lgan yuqori bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanish cheklanadi. Ushbu talab barcha turdagi yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish inshootlariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, sentabr oyigacha aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, yong‘in, sanoat va shaharsozlik me’yorlariga mos kelmaydigan shoxobchalar reyestri shakllantiriladi. Keyinchalik bunday obyektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentning 9 ta tumanida 40 ta yangi AYQSh qurilishi haqida yozgandi.