O‘zbekistondagi transport vositalarining 92,8 foizi yengil avtomobillar — statistika

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli 4,9 mlndan ortiq avtotransport vositalarining 92,8 foizini yengil avtomobillar tashkil etmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
2026-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli 4,9 mlndan ortiq avtotransport vositasi ro‘yxatga olingan. Ularning asosiy qismi, ya’ni 4,5 mlndan ortig‘ini yengil avtomobillar tashkil etadi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarga tegishli 330,3 mingta yuk avtomobili, 7,5 mingta mikroavtobus, 7,2 mingta maxsus transport vositasi va 5,8 mingta avtobus ro‘yxatga olingan.
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni 2025-yilning mos davriga nisbatan 344,6 mingtaga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi choragi (yanvar – mart oylari)da qariyb 108,8 ming yengil avtomobil ishlab chiqarildi. Mazkur ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 11,8 foizga o‘sishni ko‘rsatadi.