Prezident Ozarbayjon elchisini «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotladi

eʼlon qilindi
Guseyn Guliyevni
Prezident Ozarbayjon elchisini «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi Guseyn Guliyevni qabul qildi va unga «Mehnat shuhrati» ordenini topshirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda elchining Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan hissasi alohida qayd etildi.

Tomonlar soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli oshdi, Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 280 dan ortiq korxona tashkil etildi, qo‘shma investitsiya kompaniyasi yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, geologiya, qishloq xoʻjaligi, transport, shaharsozlik, toʻqimachilik va farmatsevtika sohalarida hamkorlik loyihalari faol rivojlanayotgani qayd etildi. Madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil kengaymoqda.

Elchi o‘z navbatida Oʻzbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga berilgan yuksak baho uchun minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek