Endi mahallalar “Raqamli mahalla” platformasi orqali boshqariladi

O‘zbekistonda mahallalar faoliyatini boshqarish uchun «Raqamli mahalla» platformasi joriy etiladi. Shavkat Mirziyoyev soha yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, joriy yil yakuniga qadar 1 mln nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish hamda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda infratuzilma va iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan 37 ta «og‘ir» tuman hamda 915 ta «og‘ir» mahallani qo‘llab-quvvatlash uchun respublika budjetidan 12 trln so‘m ajratilgan.
Bundan tashqari, har bir «og‘ir» tumanga 50 mlrd so‘mdan, har bir mahallaga esa 2 mlrd so‘mdan mablag‘ yo‘naltirilgan. Viloyat hokimliklari tomonidan ham qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi natijasida tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar yana 4 trln so‘mlik moliyaviy resursga ega bo‘ldi. Mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m ajratilib, 300 mlrd so‘mdan ortiq yangi doimiy daromad manbalari yaratilmoqda.
Raqamlashtirish
«Mahalla yettiligi» tomonidan uyma-uy o‘rganishlar natijasida 1,3 mln nafardan ortiq fuqaroning muammolari aniqlangani ma’lum qilindi. Ularni tezkor hal etish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari «Raqamli mahalla» platformasiga integratsiya qilinadi. Shuningdek, SI yordamida har bir mahalladagi dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.
Taqdimotda mahalla tizimini ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklifi ham ko‘rib chiqildi. Institut Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda faoliyat yuritib, mahalla tizimidagi islohotlarni tahlil qilish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda «mahalla yettiligi» faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. Mazkur tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla xodimi va «yettilik» a’zolarining malakasi oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Mirziyoyev xususiy kasbiy taʼlimni rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi.