Surxondaryoda sel xalqaro yo‘ldagi ko‘prikka zarar yetkazdi — video

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida kuchli yog‘ingarchiliklardan so‘ng yuzaga kelgan sel oqimi Obizarang daryosi ustidagi ko‘prikka jiddiy zarar yetkazdi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Natijada M-41 xalqaro avtomobil magistralining ushbu qismida transport harakati vaqtincha cheklangan.
Unga ko‘ra, tog‘li hududlarda kuzatilgan kuchli yomg‘irlar daryoda suv hajmining keskin ortishiga sabab bo‘lgan. Sel oqimi ko‘prik konstruksiyasiga ta’sir ko‘rsatib, uning ayrim qismlarida shikastlanishlar yuzaga kelgan.
Hozirda voqea joyida tegishli xizmatlar va mutaxassislar tomonidan texnik ko‘rik ishlari olib borilmoqda. Xavfsizlik maqsadida avtomobillar harakati vaqtinchalik aylanma yo‘nalishlarga yo‘naltirilgan.
Ma’lumot uchun, 1977-yilda qurilgan mazkur ko‘prik Tojikiston bilan transport aloqalarini ta’minlovchi muhim infratuzilma obyektlaridan biri sanaladi. Rasmiylar ko‘prikning holatini baholash va harakatni tiklash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Baxmaldagi sel oqimi sabab 32 nafar dam oluvchi evakuatsiya qilingani haqida yozgandi.