Avto

Xiaomi YU7 GT avtomobilining tezligi qanday

Xiaomi YU7 GT avtomobilining tezligi qanday
Foto: Xiaomi

Xiaomi YU7 GT elektromobili Germaniyadagi Nyurburgring Nordschleife trassasida inson aralashuvisiz sinovdan o‘tdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil avtonom boshqaruv rejimida trekni 10 daqiqa 29,483 soniyada bosib o‘tgan. Bu Nyurburgringda ishlab chiqarish avtomobillari uchun avtonom dasturiy ta’minot asosida qayd etilgan ilk natija sifatida taqdim qilinayotir.

Sinov Xiaomi YU7 GT’ning bozorga chiqarilishidan keyin o‘tkazildi. Kompaniya bu natijani seriyali avtonom boshqaruv tizimlari imkoniyatlarini baholash uchun boshlang‘ich mezon deb atamoqda. Avtomobil butun aylanish davomida haydovchi aralashuvisiz harakatlangan.

Xiaomi YU7 GT 897 voltli kremniy-karbid yuqori kuchlanishli platforma va 101,7 kVt/soat sig‘imli uch komponentli litiy batareyasi bilan jihozlangan. Ushbu tizim Xiaomi’ning Super Motor V8s EVO elektr motorlari majmuasi bilan ishlaydi. Muhandislar bu yechimni yuqori tezlikda va uzoq davom etadigan yuklama sharoitida issiqlikni samarali boshqarish uchun moslashtirgan.

Elektromobilning kuch qurilmasi 738 kVt, ya’ni 1003 ot kuchiga teng maksimal quvvat ishlab chiqaradi. Shu hisobiga Xiaomi YU7 GT 0 dan 100 km/soat tezlikka 2,92 soniyada chiqadi. Avtomobilning maksimal tezligi 300 km/soat bilan cheklangan. To‘liq quvvatlangan batareya bilan CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi 705 kilometrni tashkil qiladi.

Avvalroq «Kursiv» Xiaomi SU7 Ultra elektromobili nega yonib ketgani haqida yozgan edi.