Fabio Kannavaro: Portugaliyadan qo‘rqmaymiz, uchrashuv oxirigacha kurashamiz

23-iyun 2026 07:13 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Fabio Kannavaro: Portugaliyadan qo‘rqmaymiz, uchrashuv oxirigacha kurashamiz
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Portugaliyaga qarshi o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan rasmiy matbuot anjumanida raqibning kuchli tomonlari, jamoaning tayyorgarligi va uchrashuvdagi asosiy vazifalar haqida fikr bildirdi.

Kannavaroning ta’kidlashicha, Portugaliya Jahon chempionatidagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. U raqibning qanotlarda yuqori saviyali futbolchilarga ega ekani, yarim himoya chizig‘i dunyodagi eng kuchlilardan biri ekanini qayd etdi.

Murabbiy Portugaliya tarkibida futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri — Krishtianu Ronaldu borligini ham alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u O‘zbekiston faqat Ronalduni to‘xtatish haqida o‘ylamasligi kerakligini bildirdi.

«Biz faqat Krishtianuga qarshi o‘ynamaymiz. U futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, biroq Portugaliya faqat Ronaldudan iborat emas. Ularning asosiy tarkibida ham, zaxirasida ham juda ko‘p yuqori saviyali futbolchilar bor», — dedi Kannavaro.

Italiyalik mutaxassisning aytishicha, Ronaldu jarima maydonida bir lahzaga ham e’tiborsiz qoldirilmasligi kerak. U standart vaziyatlarda ham, o‘yin davomida ham istalgan payt gol urishga qodir futbolchi ekanini ta’kidladi.

Kannavaro Portugaliyaning futbol falsafasi ham o‘rganilganini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, raqib to‘p nazorati orqali o‘yinni boshqarishni yaxshi ko‘radi va uchrashuvni faol boshlashga intiladi. Portugaliya imkon qadar tezroq ustunlikka erishish, himoyani yorib o‘tish va o‘yinni o‘z foydasiga burishga harakat qiladi.

Milliy jamoa qanday o‘yin ko‘rsatishi mumkin

Foto: O‘FA

O‘zbekiston terma jamoasi ham raqibning ushbu uslubiga tayyorgarlik ko‘rgan. Murabbiy jamoaning o‘z rejasi va strategiyasi borligini, futbolchilar maydonda aynan o‘z o‘yinini ko‘rsatishga harakat qilishini aytdi.

«Biz juda kuchli jamoaga qarshi maydonga tushayotganimizni bilamiz, ammo bundan qo‘rqmaymiz. Qo‘limizdan kelgan eng yaxshi o‘yinni ko‘rsatishga va uchrashuv oxirigacha kurashishga harakat qilamiz», — dedi u.

Kannavaro jamoaning jismoniy holatiga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, terma jamoaga kelganidan buyon asosiy e’tibor futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini yaxshilashga qaratilgan. Ayrim futbolchilar turli chempionatlarda o‘ynagan, ba’zilarida esa muayyan muammolar bo‘lgan. Shunga qaramay, so‘nggi uchrashuvda jamoaning holati yaxshi ekani ko‘ringan.

Murabbiy futbolchilarning faqat ko‘p yugurishi emas, balki to‘g‘ri harakat qilishi muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, to‘pni yo‘qotmaslik, uzatmalarni sifatli bajarish va raqibdan to‘pni qayerda qaytarib olishni bilish Portugaliyaga qarshi bahsda asosiy omillardan bo‘ladi.

«Masala ko‘p yugurishda emas, to‘g‘ri yugurishda. To‘pni yo‘qotmaslik va uni qayerda qaytarib olishni bilish muhim», — dedi Kannavaro.

Avvalroq «Kursiv» Kannavaro murabbiy sifatida jahon chempionatida ishtirok etish futbolchi bo‘lishdan butunlay farq qilishini aytgani haqida yozgan edi.

Shuningdek