Farg‘ona va Xorazmda giyohvandlik vositalari savdosi fosh etildi

Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Har ikki holatda ham noqonuniy muomaladagi giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari hamkorligida Buvayda tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida «Marg‘ilon — Buvayda» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Cobalt» rusumli avtomobil to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv natijasida avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Qo‘shtepa tumanida yashovchi shaxsning yonidan 1 kg 187 gr gashish moddasi topilgani aytilmoqda. Ushbu modda ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Boshqa holat Xorazm viloyatida aniqlangan. Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida Urganch shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1995-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tadbir davomida uning yonidan va vaqtincha yashash xonadonidan jami 620 gr «gashish» hamda 297 gr «mefedron» giyohvandlik vositalari olingan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur moddalar Rossiya Federatsiyasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Urgutda $27,4 minglik giyohvandlik vositasi savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.