Namangan aeroportida 175 mln dollarlik yangi terminal qurilmoqda

eʼlon qilindi
Yangi terminal 2026-yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi
Namangan aeroportida $175 mlnlik yangi terminal qurilmoqda
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan xalqaro aeroportida qurilayotgan yangi yo‘lovchi terminali bilan tanishdi.

Loyihaga jami $175 mln investitsiya jalb qilingan. Yangi terminal 2026-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Namangan xalqaro aeroporti 1971-yilda ishga tushirilgan. 2013-yildan esa xalqaro maqomda faoliyat yuritib kelmoqda. Hozir aeroport orqali 9 ta aviakompaniya muntazam parvozlarni amalga oshirmoqda.

Foto: prezident matbuot xizmati

Yangi terminal uch qavatli bo‘ladi. Uning maydoni 22,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Terminal soatiga 1,2 ming nafar, yiliga esa 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Terminalda chegara va bojxona nazorati punktlari, viza xizmatlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda Duty Free hududi tashkil etiladi. Loyiha natijasida 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Shuningdek, 2027-yil yakuniga qadar kuniga 50 tonna yuk qabul qilish quvvatiga ega kargo terminali ham ishga tushiriladi. Bu Farg‘ona vodiysida zamonaviy kargo tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Kargo terminali orqali mahsulotlarni dunyoning 90 mamlakatiga eksport qilish imkoniyati kengayadi.

Davlat rahbari qurilish jarayonlari bilan tanishib, aeroport infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha bitim imzolangani xabar berilgandi.

Shuningdek