Namanganda 35 mln dollarlik qo‘ychilik klasteri tashkil etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Namangan qo‘ychilik klasteri» faoliyati bilan tanishdi. Umumiy qiymati $35 mln bo‘lgan loyiha chorvachilikni rivojlantirish, go‘sht yetishtirish hajmini oshirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Klaster To‘raqo‘rg‘on tumanida ajratilgan 10 gektar yer maydonida uch bosqichda tashkil etiladi. Loyiha Prezidentning 2020-yil 29-yanvardagi chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid qarorida belgilangan imkoniyatlar asosida amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda xorijdan 15 ming bosh nasldor qo‘y olib kelinadi. Ikkinchi bosqich yakuniga borib chorva sonini yana 35 ming boshga oshirish rejalashtirilgan. Klasterda yuqori mahsuldor «Arashan», «Hisor» va «Edelbay» zotlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Texnologik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, xorijdan olib kelingan 40–50 kilogramm vazndagi qo‘ylarni uch oy davomida intensiv usulda boqish orqali ularning vaznini 100 kilogrammgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bu har bir bosh qo‘ydan 60–70 kilogrammgacha sof go‘sht olish imkonini beradi.
Klaster to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, Namangan viloyatida yiliga 35–40 ming tonna sifatli go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu an’anaviy chorvachilikka nisbatan mahsuldorlikni 45–50 foizga oshirish imkonini beradi. Loyiha doirasida 280 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, 95 ta kambag‘al oila vakillarining bandligi ta’minlanadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda gulmohi balig‘ini yetishtirish ommalashtirilishi haqida yozgan edi.