
100 ming kilometrdan ortiq masofa bosib o‘tgan Chevrolet Nexia 3 avtomobillarida ko‘pincha osma va rul boshqaruvi tizimidagi detallarning tabiiy eskirishi kuzatiladi. Bu haqda avtomobillarni ta’mirlash bo‘yicha mutaxassis Kamil Sulaymonov Kursiv Uzbekistan nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 120 ming kilometrgacha bo‘lgan yurish masofasida stabilizator ustunlari taqillay boshlaydi, rul uchlarida bo‘shashish paydo bo‘ladi. Shuningdek, old g‘ildirak podshipniklari ishlash vaqtida g‘uvillash ovozini chiqarishi mumkin.
«Bundan tashqari, vaqt o‘tishi bilan dvigatelning ayrim qismlari ifloslanadi va qo‘shimcha texnik xizmat ko‘rsatishni talab qiladi», — qo‘shimcha qiladi u.
120–150 ming kilometr oralig‘idagi yurish masofasida esa sharli tayanchlarni almashtirish zarurati yuzaga kelishi mumkin. Shu davrda amortizatorlar ham o‘z samaradorligini yo‘qota boshlaydi, dvigatel tayanchlarida esa yoriqlar paydo bo‘lishi ehtimoli ortadi. Natijada avtomobil bo‘sh holatda ishlaganda sezilarli tebranish kuzatiladi.
«Nexia 3’ning 1,5 litrli dvigateli ishonchli hisoblanadi va o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilsa, jiddiy muammolarsiz 200 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishi mumkin», — deya ta’kidlaydi mutaxassis.
Ekspertga ko‘ra, 100 ming kilometrdan keyingi xarajatlarning asosiy qismi osma va yurish qismi detallarining tabiiy eskirishi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Tracker avtomobilida 60 ming kilometrdan keyin qanday kamchiliklar kuzatilishi haqida yozgan edik.