Prezident Dunyo maqom markazi va Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida o‘tayotgan uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimida Dunyo maqom markazi va Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Uchinchi Xalqaro maqom san’ati anjumani
Tadbirda UNESCO, ICESCO, MDH, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar vakillari, shuningdek, 80 dan ortiq mamlakatdan qariyb 250 nafar madaniyat va san’at namoyandasi ishtirok etmoqda.
Davlat rahbari maqom san’ati insoniyatning bebaho ma’naviy merosi ekanini ta’kidlab, anjuman maqomning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan muhim maydonga aylanganini qayd etdi.
Namangan yutuqlari
Nutqda Namangan viloyatining madaniy va iqtisodiy taraqqiyotdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Prezident shu kunlarda davom etayotgan 65-xalqaro Namangan gullar festivali yurtning muhim madaniy brendlaridan biriga aylanganini qayd etdi.
Shuningdek, joriy yilda Namanganda 150 mln tupdan ortiq gul ko‘chatlari ekilgani va bu natija Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgani e’tirof etildi.
Dunyo maqom markazi
Prezident Yangi Toshkentda barpo etilayotgan Maqom markazini «Dunyo maqom markazi» deb nomlash hamda uning huzurida Xalqaro maqom akademiyasini tashkil etishni taklif qildi.
«Hozirgi vaqtda «Shashmaqom» durdonalari, Fargʻona – Toshkent va Xorazm maqomlarining oʻrganilmagan matnlari hamda noyob ijro uslublari qayta tiklanmoqda. Ayni yoʻnalishda yirik ilmiy va akademik nashrlar, ovozli arxivlar tayyorlanmoqda», — dedi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, akademiyada o‘zbek maqom maktablari bilan bir qatorda arab, turk, fors, tojik, hind va boshqa Sharq mumtoz musiqa yo‘nalishlari ham o‘qitiladi. Shuningdek, maqomga qiziquvchi yoshlar uchun «ustoz-shogird» an’analari asosida maxsus amaliy dasturlar yo‘lga qo‘yilishi va grantlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Markaz huzurida noyob qo‘lyozmalar, nota va audioyozuvlarni jamlaydigan xalqaro raqamli kutubxona hamda laboratoriya tashkil etilishi ham ma’lum qilindi.
Jahon maqom antologiyasi
Davlat rahbari maqom, mug‘om, mukam va dastgoh kabi mumtoz musiqa namunalariga oid ma’lumotlarni yagona raqamli platformaga jamlash tashabbusini ilgari surdi.
Shu maqsadda Jahon maqom antologiyasini yaratish taklif qilindi. Unga dunyoning turli mamlakatlaridagi maqom asarlari, notalar, audio va video yozuvlar hamda ilmiy tadqiqotlar kiritiladi. Shuningdek, maqom ijrosiga bag‘ishlangan mobil ilova ham ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Maqom xalqaro jamg‘armasi
Prezident maqom san’atini rivojlantirish maqsadida xalqaro jamg‘arma tashkil etishni ham taklif qildi. Jamg‘arma mablag‘lari ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, noyob manbalarni o‘rganish va innovatsion loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, maqom rivojiga katta hissa qo‘shgan olim va san’atkorlarni rag‘batlantirish uchun Xalqaro maqom mukofotini ta’sis etish taklifi ham bildirildi.
«Shu bilan birga, Jamgʻarma hisobidan Xalqaro maqom mukofoti ham taʼsis etilib, maqom rivojiga katta hissa qoʻshgan olim va sanʼatkorlar har ikki yilda ragʻbatlantirib borilsa, oʻylaymanki, bu ham maqom sanʼatining nufuzini oshirishga xizmat qiladi», — ta’kidladi davlat rahbari.
Futbolchilarga murojaat
Nutq yakunida prezident O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi ishtirokiga ham to‘xtaldi. U futbolchilar tarixiy natijaga erishganini ta’kidlab, terma jamoaga navbatdagi uchrashuvlarda omad tiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi «Namangan qo‘ychilik klasteri» faoliyati bilan tanishgan edi.