Toshkentda tugatilayotgan «Yangi Bank» binosi 163,3 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi

Toshkent shahrining markaziy qismida joylashgan tugatilayotgan «Yangi Bank» bosh ofisi sotuvga chiqarildi. Binoning boshlang‘ich narxi 163,3 milliard so‘m etib belgilangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida Markaziy bank tomonidan bankning faoliyat yuritish litsenziyasi bekor qilingan va hozirda tashkilot tugatish jarayonida hisoblanadi. Shu sababli bankning asosiy binosi E-auksion elektron savdo platformasi orqali sotuvga qo‘yilgan.
Sotuvga chiqarilgan bino Toshkentning Yunusobod tumanida, Amir Temur shohko‘chasi 99-uy manzilida joylashgan bo‘lib, u Milliy bank binosi va Bodomzor metro bekati yaqinida joylashgan.

Besh qavatli bino 2017-yilda qurilgan bo‘lib, umumiy maydoni 3648 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda 47 ta xona mavjud, barcha zarur kommunikatsiya tizimlari — gaz, elektr energiyasi, suv ta’minoti va kanalizatsiya bilan ta’minlangan.
Savdolar 20-iyul kuni soat 10:00 da o‘tkazilishi rejalashtirilgan, arizalar esa shu kun soat 09:00 gacha qabul qilinadi. Savdoda ishtirok etish uchun 1,6 milliard so‘m miqdorida garov talab etiladi.
Tugatish komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bank kreditorlar oldida 76,5 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlikka ega bo‘lib, sotuvdan tushgan mablag‘lar ushbu majburiyatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nizomiy nomidagi TDPUning Chilonzordagi binosi auskionga qo‘yilgani haqida yozgandi.