
Vivo kompaniyasi yangi buklanadigan X Fold 6 smartfonini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Qurilmaning rasmiy taqdimoti 26-iyun kuni Xitoyda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, smartfon Xitoy savdo maydonchalarida oldindan buyurtma uchun paydo bo‘lgan va uning narxlari ma’lum qilingan.
Vivo X Fold 6 to‘rtta versiyada sotuvga chiqadi. 12/256 GB talqini $1,5 ming, 12/512 GB versiyasi $1,6 ming, 16/512 GB talqini $1,7 ming, 16 GB tezkor xotira va 1 TB doimiy xotiraga ega versiyasi esa $1,8 ming turadi.
Vivo X Fold 6 Dimensity 9500 Super Edition platformasi bilan jihozlanadi. Smartfonda 200 megapikselli asosiy kamera, Sony LYT-602 sensorli periskop kamera va 50 megapikselli ultra keng burchakli modul bo‘ladi.
Qurilma ichki tomonida Samsung ishlab chiqargan 8,02 dyuymli buklanadigan ekran bilan ta’minlanadi. Displey yorqinligi 5000 nitgacha yetadi.
Smartfon 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyatorga ega bo‘ladi va simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Vivo X Fold 6 OriginOS 6 Fold tizimida ishlaydi. Tizim ko‘p vazifali ishlashga moslashtirilgan bo‘lib, bir ekranda beshtagacha ilovani ochish imkonini beradi.
Shuningdek, smartfon tashqi telekonverterni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vivo X500 smartfoni katta akkumulyator va periskop kameraga ega bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.