
Nothing kompaniyasi Dream Phone nomli konsept smartfonni taqdim etdi. Gizmochinaga ko‘ra, qurilma muxlislar fikri va hamjamiyatdan olingan takliflar asosida ishlab chiqilgan.
Smartfonning uzunligi 15 santimetrdan oshmaydi, shu sababli telefon cho‘ntakka bemalol sig‘adi. Dream Phone’da ko‘pchilik ishlab chiqaruvchilar allaqachon voz kechgan ikki eski, ammo foydali funksiya qaytarilgan.

Bular 3,5 mm naushnik uyasi va xotirani kengaytirish uchun microSD karta qo‘llab-quvvatlash.
Ekranda teshik bo‘lmaydi
Smartfon old paneli juda silliq ko‘rinishga ega. Bunga ekrandagi teshikdan voz kechib, yashirin selfi-kamera qo‘llangani sabab bo‘lgan. Selfi-kamera korpus ichidan chiqadigan mexanizm orqali ishlaydi.
Orqa tomonda kamera moduli korpus bilan deyarli bir tekis joylashgan. Bu telefon stol ustida turganda qimirlamasligi va noqulaylik tug‘dirmasligi uchun qilingan.
Nothing OS ortiqcha dasturlarsiz ishlaydi
Qurilma Nothing OS operatsion tizimida ishlaydi. Unda ortiqcha oldindan o‘rnatilgan dasturlar bo‘lmaydi. Bu brendning minimalistik va «toza» dizayn yondashuviga mos keladi.
Smartfon 3800 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerod akkumulyatori bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nothing Phone 4a haqida yangi tafsilotlar oshkor qilingandi. Phone 4a 8GB va 12GB operativ xotira variantlarida, shuningdek, 128GB va 256GB ichki xotira bilan taqdim etilishi kutilmoqda.