
Andijon viloyati 20 ming nafar ishtirokchini birlashtirgan ulkan «Andijon polkasi» ommaviy raqs namoyishiga mezbonlik qildi. Ushbu rekord Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin, deya xabar berdi viloyat hokimligi.

Keng ko‘lamli madaniy loyiha Andijon shahrining 2026-yilda «Turk dunyosining madaniy poytaxti» deb e’lon qilinishi munosabati bilan tashkil etildi. Shahar markazida o‘tkazilgan tadbirda minglab ishtirokchilar milliy kuy-qo‘shiqlar sadolari ostida «Andijon polkasi» raqsini birgalikda ijro etdi.

Bayram tadbiri davomida maydon va unga tutash hududlar milliy liboslar, sahnalashtirilgan chiqishlar hamda madaniy dasturlar bilan yanada fayzli tus oldi. Tashkilotchilar fikricha, ushbu tashabbus o‘zbek xalqining boy madaniy merosi va milliy qadriyatlarini dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda tadbir natijalarini rasmiy tartibda tasdiqlash va uni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bo‘yicha tegishli jarayonlar olib borilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namangan gullar festivali Ginnes rekordlar kitobiga kirgani haqida yozgandi.