
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Portugaliya bilan kuch sinashdi va 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Uchrashuv kutilganidek portugaliyaliklarning tezkor hujumlari va kuchli bosimi bilan boshlandi. O‘yinning 6-daqiqasidayoq Joau Kanseluning qulay uzatmasidan so‘ng terma jamoa sadori Krishtianu Ronaldu hisobni ochdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, 17-daqiqada Nunu Mendesh jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi va oradagi farqni oshirdi. Ushbu gollar oralig‘ida, aniqrog‘i 14-daqiqada Odiljon Hamrobekov hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
Portugaliya tanaffusga qadar yana bir bor muvaffaqiyat qozondi. 39-daqiqada Bruno Fernandeshning pasini Krishtianu Ronaldu o‘zining dubliga aylantirib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
O‘yinning yakuniy 4:0 hisobini belgilab bergan to‘rtinchi gol esa burchak to‘pidan so‘ng yuzaga keldi. Ushbu vaziyatda himoyachi Abduvohid Ne’matov o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi va uning nomiga avtogol yozildi. Uchrashuvning 87-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Rafael Leao hisobni yiriklashtirib qo‘ydi.
Qayd etish joizki, uchrashuvning 29-daqiqasida umidli vaziyat yuzaga kelgan edi. Abbos Fayzullayev portugallar himoyachisi Joau Kanseluga kuchli bosim o‘tkazdi, natijada raqib to‘pni yo‘qotdi. To‘pni egallab olgan Aziz G‘aniyev uzoq masofdan kuchli va aniq zarba yo‘llab, chiroyli gol kiritdi.
Ammo VAR tizimi vaziyatni o‘rganib chiqib, to‘p olib qo‘yilayotgan paytda qoidabuzarlik qayd etilganini ma’lum qildi va ushbu gol bekor qilindi. Ma’lumot uchun, turnirning 3-turida O‘zbekiston terma jamoasi Kongo DRga, Portugaliya esa Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv nashri Holandning dubli Norvegiyaga Senegal ustidan g‘alaba keltirgani haqida xabar bergan edi.