O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari qator masalalarni muhokama qildi

O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalasini muhokama qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 24-iyun kuni telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.
Muloqotda amaliy hamkorlik, xususan savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalarida izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shuningdek, barcha darajalarda faol almashinuvlar yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi. Yetakchilar ikki mamlakat prezidentlari Administratsiyalari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish va hamkorlik kun tartibini yangi tashabbus va loyihalar bilan boyitish bo‘yicha yaqin hamkorlik davom etayotganini olqishladilar.
Tomonlar mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga Ras-Laffan sanoat zonasidagi gazni qayta ishlash majmuasida sodir bo‘lgan kuchli portlash va yong‘in oqibatida insonlar halok bo‘lgani hamda jarohatlangani munosabati bilan ta’ziya yo‘llagan edi.