O‘zbekistonlik professorlar Xitoyda malaka oshiradi

eʼlon qilindi
Xitoy bilan yangi kelishuvlarga erishildi
O‘zbekistonlik professorlar Xitoyda malaka oshiradi
Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonlik professorlar Xitoyda malaka oshiradi. O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Xitoyning Nannin shahrida O‘zbekiston–Xitoy hududlararo hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etdi.

Guansi–Chjuan avtonom rayoni Tashqi ishlar idorasi rahbariyati bilan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik muhim yo‘nalishlarda faol rivojlanayotgani qayd etildi.

Tomonlar Guansi va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum tayyorlashga kelishib oldi.

Xitoy kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar muhokama qilindi

Tashrif doirasida Guansi Xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi raisi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Shuningdek, Xitoyning 20 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida «O‘zbekiston–Guansi: savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Muloqotlarda qishloq xo‘jaligi va agrosanoat mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika hamda turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonlik professorlar Xitoyda malaka oshiradi

Ta’lim yo‘nalishida ham muhim kelishuvlarga erishildi. Guansi qishloq xo‘jaligi kasb-hunar universiteti shu yil sentabr–oktabr oylarida O‘zbekistonning 10 nafar professor-o‘qituvchisi uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu kurslarda Navoiy davlat pedagogika instituti va Toshkent davlat agrar universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etishi kutilmoqda.

Agrar sohaga innovatsiyalar joriy etiladi

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston agrar sohasiga ilg‘or tajribalar va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etishga xizmat qiladigan strategik sheriklik bitimlarini tayyorlashga kelishib oldi.

Bu kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi hududlararo, savdo-iqtisodiy va ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Xitoy «yashil» energetika loyihalarini tezlashtirishga kelishgandi. Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiyani saqlash tizimlari qurilmoqda.

Tomonlar ushbu loyihalarni tezlashtirish, fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaikani joriy etish va elektr uzatish liniyalarini qurish bo‘yicha yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek