Shaxsiy kartani «kassa» qilayotganlar nazoratga olinadi — Soliq qo‘mitasi

eʼlon qilindi
Tartibga solishning asosiy predmeti shaxsiy bank kartalaridan amalda tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilayotgan holatlar hisoblanadi
Bank kartasi
Shaxsiy kartani «kassa» qilayotganlar nazoratga olinadi — Soliq qo‘mitasi / Foto: Samsonovs/Depositphotos.com

Soliq qo‘mitasi P2P operatsiyalari va bank ma’lumotlari almashinuvi bo‘yicha muhokama qilinayotgan qaror loyihasi bank siri bilan bog‘liq konstitutsiyaviy kafolatlarni o‘zgartirmasligini ma’lum qildi.

Bank siri qonun bilan himoyalanganmi

Soliq qo‘mitasi ta’kidlashicha, bank siri O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan huquq hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu kafolatning amalga oshirilishi qonun bilan tartibga solinadi. Xususan, «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunning 11-moddasida bank mijozlarining soliqqa tortish bilan bog‘liq ma’lumotlari qonunchilikda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etilishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Qaror loyihasi nimani belgilaydi

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, muhokamadagi qaror loyihasi bank sirining mazmunini o‘zgartirmaydi. Hujjat Soliq kodeksi hamda «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunda allaqachon belgilangan normalarni amalda qo‘llash tartibini aniqlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksining 134-moddasida banklar va soliq organlari o‘rtasida axborot almashinuvi nazarda tutilgan bo‘lib, bunday almashinuv shakli va tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Qaysi holatlarda ma’lumotlar taqdim etiladi

Soliq qo‘mitasi qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF–95-son farmoni bilan tasdiqlangan Yo‘l xaritasining 17-bandida jismoniy shaxslarning bank kartalari yoki elektron hamyonlariga bir kalendar oy davomida 500 BHM va undan ortiq miqdorda mablag‘ kelib tushgan hollarda soliq organlariga tegishli ma’lumotlarni taqdim etish tartibini ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Bunda yaqin qarindoshlar tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari bundan mustasno hisoblanadi.

Oddiy pul o‘tkazmalari nazorat qilinmaydimi

Qo‘mita fuqarolarning hisobvaraqlariga erkin kirish masalasi kun tartibida emasligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, qarindoshlar, do‘stlar va tanishlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari, qarz qaytarish yoki kundalik maishiy to‘lovlar mazkur tartibga solishning maqsadi hisoblanmaydi.

Asosiy e’tibor qayerga qaratiladi

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, tartibga solishning asosiy predmeti shaxsiy bank kartalaridan amalda tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilayotgan holatlar hisoblanadi. Ya’ni, shaxsiy karta orqali muntazam ravishda to‘lovlar qabul qilinishi, katta mablag‘ aylanmasi shakllanishi, biroq faoliyat rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi va soliqlar to‘lanmasligi kabi holatlar nazarda tutilmoqda.

Qo‘mita davlat bir tomondan fuqarolarning bank siri daxlsizligini ta’minlashi, ikkinchi tomondan esa halol soliq to‘lovchilarning manfaatlarini ham himoya qilishi zarurligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan pensiya va nafaqalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshirilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek