Soliq qo‘mitasi: P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish bank sirini bekor qilmaydi

Soliq qo‘mitasi banklardan omonatlar va yirik P2P o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumot olishga oid loyiha yuzasidan jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga izoh berdi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Qo‘mita mazkur tashabbus fuqarolarning bank hisobvaraqlariga cheklanmagan kirish imkoniyatini yaratmasligini va bank siri daxlsizligiga putur yetkazmasligini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, hujjatning asosiy maqsadi banklar va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvi tartibini yagona mezon asosida belgilashdan iborat. Unda ma’lumotlarni taqdim etish muddatlari, shakllari va elektron formatlari aniq ko‘rsatib berilishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, loyiha soliq organlariga qo‘shimcha vakolat bermaydi hamda bank sirini bekor qilishni ko‘zlamaydi. Banklar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartib asosidagina ma’lumot taqdim etishi mumkin.
Soliq qo‘mitasi «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, soliq solish bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlar vakolatli organlarga taqdim etilishi mumkinligini eslatdi. Shu bilan birga, soliq organlari tomonidan olingan ma’lumotlar soliq siri sifatida himoya qilinadi va ularni uchinchi shaxslarga oshkor etish taqiqlanadi.
Qo‘mita bunday amaliyot dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) a’zolari orasida keng qo‘llanilishini qayd etdi. O‘zbekistonning ham soliq maqsadlarida shaffoflik va axborot almashinuvi bo‘yicha xalqaro majburiyatlari mavjudligi ta’kidlandi.
Ayni paytda loyiha jamoatchilik muhokamasi bosqichida bo‘lib, mutaxassislar va fuqarolarning takliflari asosida takomillashtirilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan banklar yirik pul o‘tkazmalari haqida soliq organlariga ma’lumot berishi mumkinligi haqida yozgandi.