
Prezident xavfsizlik xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Otabek Umarov O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilarini qo‘llab-quvvatlab, ularni tushkunlikka tushmaslikka chaqirdi. U oldinda Kongo DRga qarshi muhim o‘yin borligini ta’kidladi.
Portugaliyaga qarshi o‘yindan keyin Otabek Umarov va Shahnоza Mirziyoyeva milliy terma jamoaning kiyinish xonasiga kirib, futbolchilar bilan uchrashdi.
Shahnоza Mirziyoyeva futbolchilarga minnatdorchilik bildirib, ular dunyoning eng kuchli terma jamoalaridan biriga qarshi maydonga tushganini ta’kidladi. U futbolchilar O‘zbekistonning yangi tarixini yaratishda ishtirok etayotganini qayd etdi va terma jamoaga ishonch bildirdi.
Otabek Umarov esa O‘zbekiston yangi tarixida ilk bor jahon chempionatida qatnashayotganini eslatdi. U futbolchilarga xatolar ustida ishlash va keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini aytdi.
«Tushkunlikka tushmanglar. Kayfiyatni ko‘taringlar. Xudo xohlasa, xatolar ustida ishlab, keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz», — dedi Umarov.
Uning ta’kidlashicha, oldinda Kongo DRga qarshi o‘yin turibdi va jamoa bu uchrashuvga ruhiy jihatdan tayyor bo‘lishi kerak. Otabek Umarov futbolchilarga omad tilab, ularni qo‘llab-quvvatlash davom etishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kannavaro Ronaldu va Portugaliyani g‘alaba bilan tabriklagandi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Portugaliya juda kuchli raqib ekanini ta’kidladi. Kannavaroning yozishicha, bunday o‘yinlar xalqaro darajada kuchli bo‘lish uchun tajriba zarurligini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 23-iyun kuni Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Portugaliya bilan kuch sinashdi va 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Kannavaro mag‘lubiyatdan keyin javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Uning aytishicha, ushbu mag‘lubiyatda futbolchilarning aybi yo‘q, xatoga murabbiy sifatida o‘zi yo‘l qo‘ygan.