Bosniya Qatarni mag‘lub etib, guruhda uchinchi o‘rinni egalladi

25-iyun 2026 02:05 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: DIRK WAEM / BELGA MAG / Belga / AFP via Getty Images

Jahon chempionatining «B» guruhi 3-turidan o‘rin olgan qiziqarli uchrashuvlardan biri nihoyasiga yetdi. Bosniya va Gersegovina terma jamoasi Qatar ustidan 3:1 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi.

O‘yin juda qizg‘in boshlandi. 29-daqiqadayoq bosniyaliklar hisobni ochishdi. Bashichning ajoyib uzatmasidan so‘ng, Kerim Alaybegovich raqib darvozasini aniq nishonga oldi – 1:0.

Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Qatar jamoasi qiyin vaziyatga tushib qoldi. 34-daqiqada Sulton al-Breyk o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi (avtogol) va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi.

Shunga qaramay, Qatar terma jamoasi taslim bo‘lmadi va hujumlar tashkil etishda davom etdi. Buning natijasida 42-daqiqada Hasan Al-Haydos, Juniorning ko‘magi bilan oradagi farqni bittaga qisqartirishga erishdi – 2:1.

Foto: Stu Forster / Getty Images

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limida ham tashabbusni o‘z qo‘lida saqlab qolgan Bosniya vakillari o‘yin yakuniga qarab o‘z g‘alabalarini mustahkamlashdi. 80-daqiqada Ermin Maxmich raqib darvozasini ishg‘ol etib, Bosniyaning uchinchi golini kiritdi va o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi – 3:1.

Ushbu g‘alabadan so‘ng Bosniya va Gersegovina terma jamoasi «B» guruhida 4 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinni egalladi. E’tiborlisi shundaki, guruhda xuddi shuncha ochko to‘plagan musobaqa mezboni Kanada terma jamoasi to‘plar nisbati yaxshiroq bo‘lgani uchun 2-o‘rin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

Ammo Bosniya va Gersegovina uchun ham hammasi tugagani yo‘q. Jamoa guruh bosqichida eng yaxshi natija qayd etgan 3-o‘rin sohiblari qatorida pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun juda yuqori imkoniyatga ega bo‘lib turibdi.

Avvalroq Kursiv nashri Shveysariya Kanadani mag‘lub etib, «B» guruhi g‘olibi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek