Oq uy Kongressdan Ebola virusiga qarshi kurash uchun $1,4 mlrd so‘radi

AQSH prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Kongressdan Ebola virusiga qarshi kurash uchun $1,4 mlrd ajratishni so‘radi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kongoda Ebola isitmasi bilan kasallanish bo‘yicha tasdiqlangan holatlar soni 1,1 mingtaga yetgan. Shundan 291 ta holat o‘lim bilan yakunlangan.
Ajratilishi so‘ralayotgan mablag‘ning eng katta qismi — $800 mln Keniyada karantin markazi qurilishiga sarflanishi kutilmoqda. Yana $500 mln virusning AQSH hududida tarqalishining oldini olish choralariga yo‘naltiriladi. Bu mablag‘ epidemiologik nazorat, laboratoriya imkoniyatlarini kengaytirish va chegaralararo hamkorlikni kuchaytirishni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, $90 mln diplomatik sa’y-harakatlar, jumladan, virus yuqtirgan AQSH fuqarolarini evakuatsiya qilish va ularni tibbiyot muassasalariga yetkazish uchun ajratilishi rejalashtirilgan.
KFF jamoat salomatligi bo‘yicha tahlilchisi Josh Misho so‘ralayotgan mablag‘ni zarur xarajatlarga mos deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, 2018–2020-yillarda Kongoda kuzatilgan nisbatan kichik Ebola epidemiyasi vaqtida AQSH taxminan $266 mln sarflagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Kongoda Ebola qurbonlari soni oshgani haqida yozgan edi.