Gadjetlar

Redmi Note 17 liniyasi yuqori kuchdagi batareya bilan chiqadi

Kompaniya hozircha Redmi Note 17 seriyasining texnik xususiyatlari va taqdimot sanasi bo‘yicha rasmiy ma’lumot bergani yo‘q
Redmi Note 17 liniyasi yuqori kuchdagi batareya bilan chiqadi
Foto: Grok

Redmi kompaniyasi yangi avlod Redmi Note 17 smartfonlari ustida ishlayotgani aytilmoqda. O‘rta narx segmentiga mo‘ljallangan yangi liniya unumdorlik, avtonomiya va kamera imkoniyatlari bo‘yicha sezilarli yangilanishlarga ega bo‘ladi, deya ma’lum qilindi Weibo saytida.

9000 mA/soat batareya va Snapdragon protsessori

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, modellardan biri Snapdragon 6 Gen 5 protsessori bilan jihozlanadi. Shuningdek, qurilmaga sig‘imi 9000 mA/soat atrofidagi batareya, 1,5K aniqlikdagi tekis OLED ekran, suvdan himoya tizimi hamda 50 megapikselli asosiy kamera o‘rnatilishi kutilmoqda.

10 000 mA/soat batareya va 200 MP kamera

Liniyaning yana bir versiyasi esa Dimensity 7500 chipseti bilan taqdim etilishi mumkin. Ushbu modelning eng e’tiborga molik jihatlari sifatida 10 ming mA/soat sig‘imli batareya va 200 megapikselli asosiy kamera tilga olinmoqda.

Bundan tashqari, smartfon 1,5K formatdagi tekis displey va namlikdan himoya funksiyasiga ega bo‘lishi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu ma’lumotlar Smart Pikachu taxallusi bilan tanilgan insayder tomonidan tarqatilgan. U avval ham Xiaomi qurilmalari, jumladan Xiaomi 13 Ultra va Xiaomi Pad 6 haqidagi ma’lumotlarni oldindan to‘g‘ri e’lon qilgan.

Kompaniya hozircha Redmi Note 17 seriyasining texnik xususiyatlari va taqdimot sanasi bo‘yicha rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 18 Pro yangi kamera sabab avvalgisidan qalinroq bo‘lishi haqida yozgandi.