
Jahon chempionati guruh bosqichining 3-turi doirasida Shveysariya hamda Kanada terma jamoalari o‘rtasida hal qiluvchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘yinda yevropaliklar 2:1 hisobida zafar quchdi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limi asabiy kurashlar ostida o‘tdi va darvozalar daxlsiz qoldi. Dastlabki 45 daqiqalikdagi asosiy voqea sifatida 32-daqiqada har ikki jamoa vakillari kanadalik Kayl Larin va shveysariyalik Granit Jakaning sariq kartochka bilan ogohlantirilganini qayd etish mumkin.
Ikkinchi taym esa haqiqiy gollar shousiga aylanib ketdi. Shveysariyaliklar tanaffusdan keyin maydonga hujumkor ruhda qaytishdi. 46-daqiqadayoq Joan Manzambining uzatmasidan so‘ng Ruben Vargas hisobni ochdi – 1:0.

Oradan o‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas, 57-daqiqada Shveysariya o‘z ustunligini yana bitta gol bilan mustahkamladi. Bu safar Brel Emboloning uzatmasini Joan Manzambi muvaffaqiyatli yakunlab, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.
Kanada terma jamoasi o‘yin oxiriga kelib intrigani tiklashga harakat qildi. 76-daqiqada Salibaning pasidan so‘ng Promis Akinpelu farqni qisqartirdi – 2:1. Biroq qolgan daqiqalarda shimoliy amerikaliklarga hisobni tenglashtirish nasib qilmadi.
Ushbu muhim g‘alabadan so‘ng Shveysariya o‘z ochkolarini 7 taga yetkazdi va guruh g‘olibi sifatida keyingi bosqichga o‘tdi. Kanada terma jamoasining taqdiri esa guruhdagi parallel o‘tadigan uchrashuv natijalariga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Avvalroq Kursiv nashri Angliya va Gana o‘rtasidagi bahsda g‘olib aniqlanmagani haqida xabar bergan edi.