Toshkentda birinchi “sport” bekati tashkil etildi

eʼlon qilindi
Mazkur bekat orqali 12 ta avtobus yo‘nalishi harakatlanadi
Toshkentda birinchi «sport» bekati tashkil etildi
Foto: YHTEM

Toshkent shahri Sergeli tumanidagi avtomobil bozori yaqinida joylashgan avtobus bekati hududida qisqa muddatli jismoniy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan vorkaut maydonchasi o‘rnatildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Mazkur bekat orqali 12 ta avtobus yo‘nalishi harakatlanadi. Endilikda yo‘lovchilar avtobus kutish vaqtida maxsus sport jihozlaridan foydalanib, yengil mashqlar bajarishi, tortilishi yoki boshqa oddiy jismoniy harakatlar bilan shug‘ullanishi mumkin.

Markazning ta’kidlashicha, bunday yechim shahar infratuzilmasi faqat harakatlanish uchun emas, balki aholining qulayligi, salomatligi va kundalik farovonligini ta’minlash uchun ham rivojlantirilayotganini ko‘rsatadi.

«Yo‘lovchilar avtobus kutish vaqtidan yengil mashqlar, tortilish yoki oddiy jismoniy harakatlar uchun foydalanishlari mumkin. Bu esa sportni odatiy shahar qatnoviga — ishga, o‘qishga yoki uyga ketish yo‘liga yaqinlashtiradi», — deyiladi xabarda.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bunday tajriba dunyoning qator yirik shaharlarida ham mavjudligini qayd etdi. Jumladan, Seul, Pekin, Singapur, Parij, Bogota va Kalida avtobus pavilyonlari turniklar, zinapoyalar va boshqa sport anjomlari bilan jihozlangan kichik faollik hududlariga aylantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xorazmda jamoat transportida naqd to‘lov bekor qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek