Venesueladagi kuchli zilzila oqibatida qurbonlar soni 100 mingga yetishi mumkin

Venesuela poytaxti Karakasdan g‘arbda 24-iyun kuni kechqurun magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Ikkinchi yer silkinishi birinchisidan bir daqiqaga ham yetmaydigan vaqt o‘tib qayd etilgan, deya xabar berdi BBC nashri.
AQSh Geologiya xizmati zilzila oqibatida katta talafotlar va keng ko‘lamli vayronagarchiliklar yuz berishi mumkinligini ma’lum qildi. Dastlabki baholarga ko‘ra, qurbonlar soni 10 mingdan 100 ming kishigacha yetishi ehtimoldan xoli emas.
Prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges mamlakatda favqulodda holat rejimi joriy etilganini e’lon qildi. Shuningdek, Karakas xalqaro aeroporti zilzila oqibatida zarar ko‘rgani sababli vaqtincha yopildi. Karakasda binolar qulab tushdi, qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeloning ma’lum qilishicha, Karakasning ayrim hududlarida turar joy va boshqa binolar qulab tushgan. Zilzila Truxilyo, Yarakuy, Karabobo, Aragua, Miranda va La-Guayra shtatlarida ham sezilgan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostidan 18 kishini qutqarib olishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda 500 nafardan ortiq qutqaruvchi bedarak yo‘qolganlarni izlash va odamlarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Sunami xavfi bo‘yicha ogohlantirish berildi
Zilziladan so‘ng AQShning sunami haqida ogohlantirish tizimi Puerto-Riko hamda AQSh va Buyuk Britaniya Virjiniya orollari uchun sunami xavfi borligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Aruba, Kyurasao va Bonaire orollariga ham baland to‘lqinlar yetib borishi mumkinligi aytildi. Biroq vaziyat qayta baholangach, taxminan bir soatdan keyin ushbu ogohlantirish bekor qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Indoneziyada 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida yozgandi.