
Forbes Sport 2026-yilgi jahon chempionatida qatnashadigan terma jamoalarning eng daromadli futbolchilari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Undan 22 yoshli «Manchester City» himoyachisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi vakili Abduqodir Husanov ham joy olgan.
Husanov O‘zbekistonning eng daromadli futbolchisi sifatida qayd etildi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Abduqodir Husanovning yillik umumiy daromadi $6,2 mln atrofida baholangan. Shundan $5 mln futbol maydonidagi daromadlar, ya’ni klubdagi maoshi va bonuslariga to‘g‘ri keladi.
Yana $1,2 mln esa maydon tashqarisidagi daromadlar — reklama, homiylik va shaxsiy biznes loyihalari bilan bog‘liq.
Husanovning asosiy homiylaridan biri sifatida Puma qayd etilgan. Shuningdek, ma’lumotlarda Husanov 2025-yil may oyida AK45 nomli shaxsiy energetik ichimliklar brendini ishga tushirgani ham aytiladi.
Reyting qanday tuzilgan
Forbes Sport reytingni futbolchilarning yillik umumiy daromadi asosida tuzgan. Bunda futbolchining klubdagi maoshi, bonuslari, shaxsiy homiylik shartnomalari, reklama kampaniyalari, litsenzion to‘lovlar va biznesdan tushgan daromadlari hisobga olingan.
Hisob-kitoblarda klublarning moliyaviy hisobotlari hamda Capology, Football Benchmark va Spotrac kabi tahliliy platformalar ma’lumotlaridan foydalanilgan. Barcha summalar soliqlar va agentlik komissiyalaridan oldingi miqdor sifatida berilgan.
Eng ko‘p daromad oluvchi futbolchilar
Reytingda eng yuqori daromad Krishtianu Ronalduga tegishli. Portugaliyalik futbolchining yillik daromadi $280 mln deb baholangan. Shundan $230 mln maydondagi, $50 mln esa maydon tashqarisidagi daromadlar.
Ikkinchi o‘rinda Lionel Messi turibdi. Argentina terma jamoasi futbolchisining yillik daromadi $130 mln atrofida baholangan. Uning $60 mln daromadi futbol faoliyatidan, $70 mln esa maydon tashqarisidagi faoliyatdan keladi.
Uchinchi o‘rinda Kilian Mbappe joylashgan. Fransiyalik futbolchining yillik umumiy daromadi $95 mln bo‘lib, shundan $70 mln maydondagi, $25 mln maydon tashqarisidagi daromadlar hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida, Abduqodir Husanov 2025-yilning yanvar oyida Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti» klubiga o‘tgandi. O‘zbekistonlik yosh himoyachi «Manchester Siti» klubi bilan 4,5 yil muddatga mo‘ljallangan shartnoma imzolagan. U klubda 45-raqam ostida to‘p suradi.