Endi sertifikatsiz mutaxassis ishlagan «zapravka»lar yopiladi

2027-yil 1-yanvardan boshlab xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlashga ruxsat beruvchi sertifikat yoki ruxsatnomaga ega bo‘lmagan mutaxassislar faoliyat yuritayotgan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari faoliyati to‘xtatilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya va noxush hodisalarning oldini olish bo‘yicha yangi talablar belgilanmoqda.
Asosiy e’tibor xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlayotgan muhandis-texnik xodimlarning malakasi va sertifikatlariga qaratiladi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab bunday obyektlarda faqat maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan va tegishli sertifikat yoki ruxsatnomaga ega bo‘lgan mutaxassislar ishlashi kerak bo‘ladi.
Sertifikatsiz xodim bo‘lsa, faoliyat to‘xtatiladi
Agar yonilg‘i quyish shoxobchasi yoki gaz to‘ldirish inshootida tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan mutaxassislar ishlayotgani aniqlansa, obyekt faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda to‘xtatiladi.
Kamchilik bartaraf etilgan kuni shoxobcha faoliyati avtomatik tarzda tiklanishi belgilangan.
«Litsenziya» tizimi mehnat tizimi bilan bog‘lanadi
Adliya vazirligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda 2027-yil 1-sentabrgacha «Litsenziya» axborot tizimi va Yagona milliy mehnat tizimini integratsiya qiladi.
Bu orqali yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida ishlayotgan muhandis-texnik xodimlar bo‘yicha ma’lumotlar avtomatik kuzatib boriladi.
Avtomatik signal mexanizmi ishga tushadi
Yangi tartibga ko‘ra, sertifikatga ega mutaxassisning ishga qabul qilingani yoki ishdan bo‘shagani haqidagi ma’lumotlar tizimda avtomatik signal beradi.
Bu vakolatli organlarga shoxobchalarda zarur malakaga ega mutaxassislar bor-yo‘qligini doimiy monitoring qilish imkonini yaratadi.
Maqsad — xavfsizlikni kuchaytirish
Qaror yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya, yong‘in va boshqa xavfli holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, avval o‘tkazilgan xatlov davomida respublikadagi yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida jami 46,7 mingta qoidabuzarlik va kamchilik aniqlangan. Shundan 7,2 mingtasi joyida bartaraf etilgan, 464 ta shoxobcha faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan.
Shuningdek, «U-Gas» dasturi orqali gaz sotish jarayonini real vaqt rejimida nazorat qilish, texnik ko‘rikdan o‘tmagan yoki ruxsatnomasi bo‘lmagan gaz ballonli avtomobillarga gaz quyish holatlarini aniqlash tartibi ham nazarda tutilgan.