Ko‘chmas mulk narxini baholash tartibi qanday

eʼlon qilindi
Ko‘chmas mulk obyektlari bir nechta guruhlarga ajratiladi
Ko‘chmas mulk
Foto: Rupor.md

Adliya vazirligi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Mazkur uslubiyot ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashning yagona tartibini belgilaydi.

Unga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari bir nechta guruhlarga ajratiladi. Bular ko‘p kvartirali uylardagi turar joylar, yakka tartibdagi turar joylar va noturar obyektlardan iborat bo‘ladi.

Baholashda nimalar hisobga olinadi

Ko‘chmas mulkni baholashda bozor ma’lumotlari, oldi-sotdi bitimlari, e’lonlardagi narxlar va obyekt qiymatiga ta’sir qiluvchi boshqa omillar inobatga olinadi.

Hududlar bozor narxlaridan kelib chiqib narx zonalariga ajratiladi. Keyin namunaviy obyektlar asosida mulkning taxminiy qiymati aniqlanadi.

Qiymat qanday hisoblanadi

Obyektlarning qiymati qiyosiy, xarajat yoki daromad yondashuvi orqali hisoblanadi.

Bunda ko‘chmas mulkning qurilgan yili, qurilish materiali, umumiy maydoni, qavati, joylashuvi va ta’mirlanganlik holati kabi omillar hisobga olinadi.

Mulkdorlar qiymatni qanday biladi

Ommaviy baholash natijalari Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va axborot tizimlarida e’lon qilinadi.

Mulkdorlar o‘z obyektining qiymatini kadastr raqami orqali bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

E’tiroz bildirish mumkinmi

Baholash natijalari 90 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Shu muddat ichida mulkdorlar o‘z taklif va e’tirozlarini bildirishlari mumkin.

Agar shaxs baholash natijalaridan norozi bo‘lsa, vakolatli organga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni rasmiylashtirish muddati qisqargandi. 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha yer uchastkalari uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Yer uchastkasining qurilish taqiqlangan hududga to‘g‘ri kelgan qismi chiqarib tashlanib, qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish tartibi joriy qilinadi.

Shuningdek