Sizlarni jonkuyar do‘st deb bilaman — prezident jurnalistlarni kasb bayrami bilan tabrikladi

O‘zbekistonda 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev soha vakillariga tabrik yo‘lladi va jurnalistlarni o‘zi uchun doimiy maslakdosh va jonkuyar do‘st deb bilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, joriy yilda ushbu sana milliy matbuot tarixidagi muhim sanalar bilan bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, jadidlar tomonidan «Taraqqiy» gazetasi tashkil etilganiga 120 yil, O‘zbekistonda radioeshittirishlar ilk bor tajriba tariqasida uzatilganiga esa 100 yil to‘ldi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 2,7 mingta OAVning 67 foizi, noshirlik subyektlarining 90 foizdan ortig‘i hamda matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar oshib, 15 ming nomdagi 60 mlndan ortiq nusxada kitob chop etilgan.
«Axborot oqimi keskin ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan bugungi davrda manbalarning ishonchli ekaniga alohida eʼtibor qaratish mamlakatimizda ham muhim koʻnikmaga aylandi. Qisqa vaqtda turli media loyihalar orqali 10 ming yoshni qamrab oladigan zamonaviy taʼlim tizimi shakllantirildi», — dedi davlat yetakchisi.
Prezident erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani jamiyat hamda davlat taraqqiyotining muhim sharti sifatida baholab, OAV xodimlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish zarurligini qayd etdi:
«Jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy va informatsion-texnologik yordam koʻrsatish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda kasbiy birdamligini taʼminlash kabi masalalarga jiddiy eʼtibor qaratishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda», — qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.
Tabrik yakunida yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan soha vakillarini qutlab, barcha jurnalist va OAV xodimlariga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat hamda faoliyatlarida yangi muvaffaqiyatlar tilandi.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq prezident 40 ga yaqin jurnalistlarni bayram arafasida mukofotlagan edi.