Sulh buzildi: AQSh va Eron o‘rtasida yana hujumlar boshlandi

eʼlon qilindi
AQSh Erondagi raketa va dron obyektlariga zarba berdi
«Bu eskalatsiya emas»: AQSh va Eron o‘rtasida yana hujumlar boshlandi
Foto: Centcom

AQSh Hormuz bo‘g‘ozida yuk kemasiga uyushtirilgan dron hujumidan keyin Erondagi raketa va dron obyektlariga zarba berdi. Vashington buni Tehronning avvalgi hujumiga javob sifatida izohladi, deya xabar berdi The Guardian.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Erondagi raketa va dronlarni saqlash obyektlariga qaratilgan. Ular Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida va Qeshm orolida joylashgani aytilmoqda.

AQSh tomoni bu hujumni Singapur bayrog‘i ostida harakatlangan M/V Ever Lovely yuk kemasiga uyushtirilgan zarbaga javob deb atadi.

Kema zarar ko‘rgan, jabrlanganlar yo‘q

Buyuk Britaniya dengiz savdosi operatsiyalari markazi ma’lumotiga ko‘ra, yuk kemasi o‘ng bort tomonidan noma’lum snaryad bilan zararlangan. Hujum oqibatida kemaning boshqaruv ko‘prigi shikastlangan.

Kema kapitani jabrlanganlar yo‘qligini va atrof-muhitga zarar yetmaganini bildirgan.

Sulh kelishuvi sinovdan o‘tmoqda

AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga imkon bergan edi. Biroq so‘nggi hujumlar ushbu kelishuv uchun eng jiddiy sinovlardan biri bo‘ldi.

AQSh harbiylari sulh shartlari bajarilishini kuzatishda davom etishini bildirdi. AQSh vitse-prezidenti JD Vens esa Eron kelishuv bo‘yicha e’tirozlari bo‘lsa, muloqot qilishi mumkinligini, biroq zo‘ravonlikka javob berilishini aytdi.

Tramp hujumni sulh buzilishi deb atadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning dron hujumini sulh shartlarining buzilishi deb baholadi. U bu harakatni «ahmoqona buzilish» deb atagan.

Tramp AQSh zarbalaridan avval jurnalistlarga Vashington javob berishi yoki bermasligi haqida «bilib olasizlar» degan edi.

Eron javob qaytarganini bildirdi

Eron davlat OAVlari Sirik porti yaqinida portlash ovozi eshitilgani haqida xabar berdi. Harbiy manbaga ko‘ra, bundan avval Hormuz bo‘g‘ozidagi qoidalarni buzgan kemalarga ogohlantiruvchi o‘qlar va raketalar uchirilgan.

Eron Inqilobiy gvardiyasi esa AQShning mintaqadagi harbiy joylashuvlariga zarba berganini ma’lum qildi. Tehron yana hujum bo‘lsa, javob yanada kengroq bo‘lishini ogohlantirdi.

Eron: bu eskalatsiya emas

Eronlik yuqori martabali xavfsizlik rasmiysi Ibrohim Aziziy mamlakat mojaroni kuchaytirishni istamasligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «sulhni buzish emas, balki sulhni boshqarish» hisoblanadi.

Kemalarni evakuatsiya qilish to‘xtab qoldi

Hujumdan keyin BMTning Xalqaro dengiz tashkiloti Fors ko‘rfazida qolib ketgan yuzlab kemalarni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlarni vaqtincha to‘xtatgan.

M/V Ever Lovely kemasi Hormuz bo‘g‘ozidan qanday shartlar asosida chiqishga uringani hozircha aniq emas.

Mintaqada boshqa diplomatik harakatlar ham bor

Shu bilan birga, mintaqada ayrim diplomatik siljishlar ham qayd etildi. Isroil va Livan o‘rtasida janglarni tugatish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

Kelishuv Hizbullohni qurolsizlantirish va Isroil qo‘shinlarini Livandan olib chiqishni nazarda tutadi. Biroq bu jarayon qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyaning Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti vaqtida AQSh va Eron kelishuvi imzolangandi. 14 banddan iborat kelishuv «o‘zaro anglashuv memorandumi» deb atalib, unda harbiy harakatlarni to‘xtatish, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish, Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish va Eron yadro dasturi bo‘yicha majburiyatlar kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Ammo yakuniy kelishuv uchun 60 kun berilgan. AQSh va Eron 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishishga harakat qiladi. Bu muddat tomonlarning o‘zaro roziligi bilan uzaytirilishi mumkin. 60 kunlik muddat memorandum imzolangandan keyin boshlangan.

Shuningdek