Santexniklikdan payvandchilikkacha: Italiya qurilish sohasi bo‘yicha ishga taklif etmoqda

Italiyada qurilish va unga aloqador yo‘nalishlar bo‘yicha ishlash istagidagi fuqarolar uchun yangi bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Italiya Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligining «Sviluppo Lavoro Italia» tashkiloti hamda Migratsiya agentligi hamkorligida Italiya bo‘ylab bir qator kasblar bo‘yicha xodimlar ishga taklif etilmoqda. Mehnat shartnomalari 12 oylik muddatli yoki doimiy (open-ended) shaklda tuziladi.
Ish o‘rinlari va yillik maoshlar
Bo‘sh ish o‘rinlari orasida malakali qurilish ishchisi (10 ta o‘rin, yiliga 20,5 ming yevro), metall qumlovchi va bo‘yoqchi (2 ta, 23,4 ming yevro), santexnika, isitish tizimlari va texnik xizmat ko‘rsatish ustasi (3 ta, 20 ming yevro), texnik chizmachi (1 ta, 24 ming yevro), ma’muriy yordamchi (1 ta, 22,4 ming yevro), elektr montajchisi (4 ta, 19,5 ming yevro), qurilish ishchisi (3 ta, 20,8 ming yevro), payvandchi (1 ta, 20,8 ming yevro), tozalash xodimi (1 ta, 18,8 ming yevro) hamda dasturiy ta’minot dasturchisi (1 ta, 18 850 yevro) mavjud.
Nimalar qoplab beriladi
Ma’lum qilinishicha, ayrim ish beruvchilar ish bilan bog‘liq transport xarajatlari, tushlik, turar joy hamda oziq-ovqat xarajatlari uchun qo‘shimcha to‘lovlarni ham qoplaydi. Shuningdek, ariza topshirish va ish beruvchi bilan suhbat bosqichlarida italyan tilini bilish talab etilmaydi, suhbatlar tarjimon ishtirokida o‘tkaziladi.
Bepul til kursi va tayyorgarlik
Ish beruvchilar tomonidan tanlab olingan nomzodlar Italiyaning «Legal Pathways and In-country Pre-departure Training Measures» dasturi doirasida taxminan ikki oy davomida bepul italyan tili va kasbiy tayyorgarlik kurslarida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar Airways o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilgan edi.