104 mlrd so‘mlik paxta tolasini birjasiz sotgan korxonaga jarima qo‘llanildi

Raqobat qo‘mitasi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi White Gold Klaster MChJ tomonidan paxta tolasini birja savdolarisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar orqali sotish holatini aniqladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, korxona 104 milliard so‘mlik 5 ming tonnadan ortiq paxta tolasini amaldagi tartibni chetlab o‘tgan holda birja savdolarisiz realizatsiya qilgan.
Shuningdek, ushbu mahsulotlarni birjada shakllangan o‘rtacha kotirovka narxlaridan yuqori narxlarda sotish oqibatida korxona 700 million so‘mdan ortiq asossiz daromad olgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan kompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, White Gold Klaster MChJga moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 205 tonna unni birjasiz sotgan korxona jazolangani haqida yozgandi.