30-iyundan diniy ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi

eʼlon qilindi
Hujjatlar qabuli 20-iyulga qadar davom etadi
Magistratura
30-iyundan diniy ta’lim muassasalariga qabul boshlanadi / Foto: Belong Blog

O‘zbekistondagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar qabuli 30-iyundan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, hujjatlar 2026-yil 30-iyundan 20-iyulgacha qabul qilinadi. Qabul Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (bakalavriat, magistratura va modul ta’lim tizimi), Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.

Qabul uchun talab etiladigan hujjatlar

Bakalavriat bosqichiga hujjat topshirishda ariza, pasport yoki ID karta nusxasi, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi nusxasi hamda 3,5×4,5 o‘lchamdagi 6 dona rangli fotosuratni taqdim etiladi. Shuningdek, xorijdagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlab, diplomi O‘zbekistonda nostrifikatsiyadan o‘tgan fuqarolar ham hujjat topshirishi mumkin.

O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshiruvchilardan ariza, pasport yoki ID karta nusxasi, attestat yoki diplom nusxasi, 6 dona fotosurat hamda kamida B2 darajadagi chet tili sertifikati talab etiladi. Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga tegishli fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.

Magistratura va modul ta’limida alohida talablar

Toshkent islom instituti magistraturasiga hujjat topshiruvchilar oliy diniy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom bilan birga arab tilidan kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatni taqdim etishi lozim.

Modul ta’lim tizimiga hujjat topshiruvchilardan esa diplomning asl nusxasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilligi tavsiyanomasi hamda tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi ham talab etiladi.

Abituriyentlarga qulaylik yaratiladi

Qayd etilishicha, abituriyentlar o‘zlariga eng yaqin diniy ta’lim muassasasining qabul hay’ati orqali respublikadagi istalgan oliy yoki o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishi mumkin.

Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Biroq joriy yilda maktab, akademik litsey yoki kollejni tamomlab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda to‘liq davlat ta’minotidagi fuqarolar ushbu to‘lovdan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq akademik litseylarda hujjatlar qabuli boshlangan edi. Qabul jarayonlari 10-iyulga qadar davom etadi.

Shuningdek