
O‘zbekistondagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar qabuli 30-iyundan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hujjatlar 2026-yil 30-iyundan 20-iyulgacha qabul qilinadi. Qabul Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (bakalavriat, magistratura va modul ta’lim tizimi), Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
Qabul uchun talab etiladigan hujjatlar
Bakalavriat bosqichiga hujjat topshirishda ariza, pasport yoki ID karta nusxasi, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom va uning ilovasi nusxasi hamda 3,5×4,5 sm o‘lchamdagi 6 dona rangli fotosurat taqdim etiladi. Shuningdek, xorijdagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlab, diplomi O‘zbekistonda nostrifikatsiyadan o‘tgan fuqarolar ham hujjat topshirishi mumkin.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshiruvchilardan ariza, pasport yoki ID karta nusxasi, attestat yoki diplom nusxasi, 6 dona fotosurat hamda kamida «B2» darajadagi chet tili sertifikati talab etiladi. Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga tegishli fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.
Magistratura va modul ta’limida alohida talablar
Toshkent islom instituti magistraturasiga hujjat topshiruvchilar oliy diniy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom bilan birga arab tilidan kamida «C1» darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatni taqdim etishi lozim.
Modul ta’lim tizimiga hujjat topshiruvchilardan esa diplomning asl nusxasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududiy vakilligi tavsiyanomasi hamda tasdiqlangan mehnat daftarchasi nusxasi ham talab qilinadi.
Abituriyentlarga qulaylik yaratiladi
Qayd etilishicha, abituriyentlar o‘zlariga eng yaqin diniy ta’lim muassasasining qabul hay’ati orqali respublikadagi istalgan oliy yoki o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishi mumkin.
Shuningdek, diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida qatnashish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Biroq joriy yilda maktab, akademik litsey yoki kollejni tamomlab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda to‘liq davlat ta’minotidagi fuqarolar ushbu to‘lovdan ozod etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq akademik litseylarda hujjatlar qabuli boshlangan edi. Qabul jarayonlari 10-iyulga qadar davom etadi.