Elektr ta’minoti tizimida noqonuniy holatlar aniqlandi

eʼlon qilindi
Holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Elektr ta’minoti tizimida noqonuniy holatlar aniqlandi
Foto: DXX

Surxondaryo va Andijon viloyatlarida elektr ta’minoti tizimi bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» filiali Sho‘rchi tuman bo‘limi muhandisi xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan. U fuqaroga tegishli savdo do‘konida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarlik yuzasidan tuzilgan dalolatnomani qonuniy tartibda ko‘rib chiqmaslik, ishni sudga yubormaslik hamda yangi elektr hisoblagich o‘rnatib, ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga $1 ming talab qilgani aytilmoqda.

Dastlab muhandis $200 va 1 mln 50 ming so‘m olgan. Shundan so‘ng DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar organlari va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tuzilmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida u qolgan $500 va 2,4 mln so‘mni olayotgan vaqtda ushlangan.

Foto: DXX

Andijonda ham

Andijon viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Baliqchi tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tuman ETK xodimlarining faoliyat ko‘rsatkichlarini baholaydigan oylik hisobotlarini «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Andijon hududiy filialidagi tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va’da qilgan.

U buning evaziga pul talab qilgani aytilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs ETK xodimlari tomonidan yig‘ib berilgan $300 ni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» uch hududda narkotik vositalar aylanmasiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek