Nizomiy nomidagi pedagogika universitetning yana ikki binosi auksionga chiqarildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining Toshkentdagi yana ikki o‘quv binosini elektron savdoga qo‘ydi. Bu haqda E-auksion platformasida ma’lum qilindi.
Ularning umumiy boshlang‘ich narxi 467 milliard so‘mdan oshadi. Eng qimmat lot Chilonzor tumanidagi Tabiiy fanlar fakulteti binosi bo‘lib, uning boshlang‘ich qiymati 325,86 mlrd so‘m etib belgilangan. 2,24 gektar hududda joylashgan obyektning bino va inshootlari maydoni 6224 kvadrat metrni tashkil qiladi.

Ikkinchi lot esa Yakkasaroy tumanidagi Filologiya fakulteti binosi hisoblanadi. Ushbu obyektning boshlang‘ich narxi 141,14 mlrd so‘m bo‘lib, u 0,52 gektar yer maydonida joylashgan. To‘rt qavatli binoning umumiy maydoni 8232 kvadrat metrni tashkil etadi.

Auksion shartlariga ko‘ra, har ikki obyekt negizida nodavlat ta’lim muassasasi tashkil etilishi majburiy hisoblanadi. Binolarni bo‘shatish 2027-yil 31-dekabrgacha, universitetning Yangi Toshkentdagi kampusi foydalanishga topshirilishiga qarab amalga oshiriladi.
Mazkur obyektlar bo‘yicha elektron savdolar 20-iyul kuni boshlanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nizomiy nomidagi TDPUning Chilonzordagi binosi auskionga qo‘yilgani haqida yozgandi.