Sport

O‘FA Katanets davrida boshqa murabbiyga taklif yuborgani aytilmoqda

O‘FA Katanets davrida boshqa murabbiyga taklif yuborgani aytilmoqda
Foto: Instagram

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 2024-yil noyabr oyida milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi uchun germaniyalik mutaxassis Yurgen Klinsmannga shartnoma taklif qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev ma’lum qildi.

Uning aytishicha, o‘sha vaqtda O‘zbekiston milliy terma jamoasini Srechko Katanets boshqarayotgan bo‘lgan. 2024-yil noyabr oyidagi o‘yinlardan so‘ng Katanets Toshkentga kelib, jamoaning 2025-yil mart oyidagi uchrashuvlarga tayyorgarlik rejasini tasdiqlagan. Shuningdek, u terma jamoada qolishini va boshqa joyga ketish niyati yo‘qligini bildirgan.

Biroq Igamberdiyevning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yil dekabr oyida Katanetsga Yurgen Klinsmann qo‘ng‘iroq qilgan. Germaniyalik mutaxassis unga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimi taklif etilganini aytgan. Bu vaqtda esa terma jamoa bosh murabbiyi lavozimida hali ham Katanets ishlayotgan edi.

Foto: Instagram / ekran tasviri

Katanets dastlab bu ma’lumotga ishonmagan. Shundan so‘ng Klinsmann unga assotsiatsiya tomonidan yuborilgan tayyor shartnoma nusxasini jo‘natgan. Igamberdiyevning ta’kidlashicha, bu holat Katanets bosh murabbiy bo‘lib turgan paytda uning o‘rniga boshqa mutaxassis bilan muzokaralar olib borilganini ko‘rsatadi.

Katanetsning va uning murabbiylik faoliyati

Katanets Gretsiyaning «Olimpiakos» klubi, Makedoniya, BAA, Sloveniya va Iroq terma jamoalarida ishlagan. Iroq bilan u Osiyo kubogi – 2019 da 1/8 finalgacha yetib borgan.

2021-yilda esa O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ldi. Uning O‘zbekiston bilan shartnomasi 2025-yilgacha mo‘ljallangan edi, biroq 2025-yil yanvarida sog‘lig‘i yomonlashgani sabab tomonlar kelishuvni muddatidan avval bekor qildi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil yanvar oyida Srechko Katanets sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro kelishuv asosida bekor qilgan edi. Keyinchalik uning o‘rniga Temur Kapadze milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Fabio Kannavaro Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘yindan so‘ng uchrashuv natijasi va jamoa o‘yini yuzasidan fikr bildirgani haqida yozgan edi.